Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Oltin avlod»ning oltin g‘alabasi
13:42 / 2024-07-07

VIII «Osiyo bolalari» sport o‘yinlarida 36 ta oltin, 31 ta kumush kumush, 21 ta bronza, jami 88 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoada g‘oliblikni tantana qilgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

O‘zbekiston sport delegatsiyasi mustaqil jamoa sifatida 30 yildan ziyod davr mobaynida ilk bor kompleks sport o‘yinlarida tarixiy g‘alabaga erishdi. Mamlakatimiz sportchilari «Osiyo bolalari» o‘yinlarida umumjamoada birinchi o‘rinni egalladi.

Buni so‘z bilan aytish, ifodalash juda oson va yengil tuyiladi, go‘yo. Ammo bunday muvaffaqiyatga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Buni dildan his qilish uchun davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sport, alohida sport turlari, sport ta’limini yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida qabul qilingan qarorlar, ko‘rilgan chora-tadbirlar, ishlab chiqilgan dasturlar mohiyatini anglab yetish kerak.

Darhaqiqat, joriy yilning 25 iyun-6 iyul kunlari Rossiya Federatsiyasining Yakutsk shahrida o‘tkazilgan VIII «Osiyo bolalari» sport o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari qo‘lga kiritgan shoda-shoda medallar xalqimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishladi.

VIII «Osiyo bolalari» sport o‘yinlarida umumjamoada 1-o‘rinni egallab, sport ufqida yuksak marralarni zabt etgan, Yangi O‘zbekistonning tinchlik, do‘stlik va o‘zaro hamjihatlik g‘alabasi sari katta yo‘lga chiqqan g‘olib sportchilarimizni kutib olish marosimida ana shular haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikromov, tegishli tashkilot mutasaddilari, respublika oliy sport mahorati maktabi rahbarlari, sport federatsiyalarning vakillari, ota-onalar ushbu g‘alabalar o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmagani, buning zamirida mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish, mahoratli sportchilarni saralash, tanlash, yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar borligi ta’kidlandi.  

Yakutsk sport maydonlarida 11 kun davomida 24 ta sport turi bo‘yicha kechgan shiddatli bellashuvlar, janglar, bahslarda 24 davlatdan 30 ta milliy terma jamoalarning 2 ming nafardan ziyod yosh sportchilari 239 ta medallar jamlanmasiga da’vogarlik qildi.

Musobaqalarni 17 ta davlatdan 700 nafardan ziyod hakamlar boshqarib borgan bo‘lsa, ular orasida O‘zbekistonning 10 nafardan ziyod mutaxassislari bahslarning adolatli o‘tishini ta’minlab turdi.

O‘zbekiston sport delegatsiyasining 176 nafar, shundan 99 nafar o‘g‘il va 77 nafar 14-17 yoshdagi sportchilari 11 ta olimpiya va 5 ta noolimpiya sport turlarida g‘oliblik uchun maydonga chiqdi. «Osiyo bolalari» musobaqalarining umumiy hisobdagi 88 ta sovrinli o‘riniga ega chiqdi.

Yana bir e’tiborli jihat, Yakutsk bahslarida yuqori natijalarga erishgan sportchilarning qariyb 50 foizi mamlakatimizdagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarining o‘quvchilaridir. Aynan ular kelgusi yili mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida o‘tadigan "Toshkent-2025" Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega.  

VIII «Osiyo bolalari» o‘yinlarida taekvondo bo‘yicha 4 ta, samboda 2 ta, kurashda 8 ta, boksda 7 ta oltin medalga sazovor bo‘lish, boks, dzyudo, kurash, sport kurashlari, taekvondo musobaqalarida O‘zbekiston milliy terma jamoalari umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallashi yurtimiz sportining yangi yuksalish davri boshlanayotganligidan dalolat.

Tantali kutib olish marosimida mutasaddilar VIII «Osiyo bolalari» o‘yinlarining yopilish marosimida ishtirokchi sportchilar nomidan taekvondo musobaqalarida g‘oliblikka erishgan hamyurtimiz Behruz Salimovning so‘zga chiqqani ham xalqaro maydonda O‘zbekiston sportiga ko‘rsatilgan alohida ehtirom ekanini bildirdi.

– «Osiyo bolalari» o‘yinlaridagi ajoyib kunlar ortda qoldi. Biz, yosh sportchilarga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan e’tibor, yaratib berilgan shart-sharoitlar g‘alabalarimizga muhim omil bo‘lganini aytish asnosida tashkil etilgan ushbu sport, do‘stlik va quvonch bayrami uchun minnatdorlik bildiraman. Vatanga medallar bilan qaytdik, umumjamoada g‘oliblikni tantana qildik. Bu an’anani kelgusi musobaqalarda, jahon va qit’a chempionatlarida, Olimpiya o‘yinlarida davom ettiramiz, – deydi Behruz Salimov.

Aytish lozim, VIII «Osiyo bolalari» o‘yinlari mamlakatlarning teng huquqli xalqaro sport hamkorligini yo‘lga qo‘yish g‘oyasini mujassam etdi. O‘yinlar yosh sportchilar uchun kompleks musobaqalarning bebaho tajribasini tortiq qilish bilan birga ularda g‘alabaga bo‘lgan irodani namoyon qilish, Vatan sha’ni, uning sharafini munosib himoya etish tuyg‘usini murg‘ak qalblariga muhrladi.

– O‘zbekiston sport delegatsiyasining 36 oltin, 31 kumush va 21 bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida peshqadamga aylangani barchamizni xursand qildi, albatta. Olovqalb sportchilarimizdan keyingi o‘rinlardan Rossiya Federatsiyasining Sibir federal okrugi jamoasi (31-31-32), Belarus Respublikasi (27-21-30) vakillari joy oldi. Yurtimiz sportchilari VIII «Osiyo bolalari» o‘yinlarining yengil atletika, basketbol, mas-restling, suzish, badiiy gimnastika, boks, voleybol, mini-futbol, taekvondo, dzyudo, kurash, suzish, sambo, o‘q otish, kamondan otish, shaxmat kabi sport turlarida o‘z salohiyatini namoyish etdi. Mazkur o‘yinlar orqali sport jamoalarimizning, alohida sportchilarimizning imkoniyatlari, ularning texnik-taktik holati yana bir bor ko‘zdan kechirildiki bu, "Toshkent-2025" Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish vazifasini o‘taydi, – deydi kutib olish marosimida Sport vaziri maslahatchisi Sharifjon Mo‘minjonov.

So‘zimiz avvalida aytib o‘tganimizdek, o‘tgan 30 yillikda mamlakatimiz sportchilar jamoasi ilk kompleks sport o‘yinlarida umumjamoada 1-o‘rinni egallagani tarixga aylandi.

Yangi O‘zbekistonning yangi «oltin avlodi» o‘z bo‘y-bastini ko‘rsatayotgani, yangi g‘alabalar sari shaxdam tashlangan shiddatli odimi barchamizga qutlug‘ bo‘lsin.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA