Ilgari o‘zining turp, bodringi bilan dong taratgan Oltiariq endi uzumchilikda mamlakatning tajriba maydoniga aylandi. Oltiariqning qaysi qishloq, mahalla ko‘chalaridan yurmang, hatto darvoza oldi maydonlari ham uzumzor ekanini ko‘rasiz. Oqko‘ngil, mehnatsevar, mirishkor otaxonlar yonlariga yoshlarni olib uzumchilik sirlarini o‘rgatmoqda.
Oltiariqda bir uzumzor borki, uni ko‘rgach qalbingiz quvonchga to‘ladi. Sadafdan terilgandek shoda-shoda uzumlar mehringizni qo‘zg‘aydi, hayrat ummoniga cho‘kasiz, go‘yo.
Bu “Xayrullo Boymatov” fermer xo‘jaligi uzumzorlaridir. Uning rahbari navqiron, shiddatli va izlanuvchan yigit Isoqjon Boymatov.

Isoqjon bog‘larida uzumlar uzilib sovutgichga yuborilmoqda. 1,5 ming tonnalik sig‘imga ega sovutgichi bor fermer xo‘jaligining. O‘nlab texnik vositalar, tirkama va traktorlar uzum bog‘iga moslashtirilgan. Ilk bor ko‘chat ekib, qo‘liga tokqaychi olganiga ham 34 yil bo‘libdi. Biz mashhur bog‘bon bog‘ida bo‘lib, uni suhbatga tortdik.
– 1996 yillari Povulg‘on qishlog‘ida dadam bilan 2 gektarli bog‘ tashkil qilganmiz. U ko‘payib 6,5 gektarga yetdi, – deydi Isoqjon. – 2019 yil muhtaram Prezidentimiz Farg‘onaga tashrifi chog‘ida Oltiariqda uzumchilikni rivojlantirishga katta e’tibor berish bo‘yicha topshiriq berdi. Biz fermer xo‘jaligimizda 75 gektar yerda uzumchilik bog‘ini tashkil qildik. Bu yil beshinchi yili. Hosilimizning “Merseders”, “Kelin barmog‘i”, “Rizamat ota”, “Husayni” kabi turlari bor. Kelgusidagi maqsadimiz bu turlarni ko‘paytirish.
Isoqjonning uzumzorini, u esa Oltiariqda eng yirik bog‘lardan biri, so‘nggi yillardagi islohotlar mevasi, deyish mumkin.

– Bog‘ barpo etish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan juda katta imkoniyatlar yaratilyapti. Bog‘larga va hatto sovutgich uchun ham subsidiyalar joriy qilindi. Qaysi sohada bo‘lmasin, fermerga kredit olishi uchun yengilliklar bor. Yaxshi ishlashga imkoniyat yaratildi. 20 ga yaqin texnikamiz mavjud. Bu yil 1,5 ming tonnalik sovutgichni Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelib o‘rnatdik.
Ko‘p davlatlarda bo‘lganman. Asli soham uzumchilik bo‘lgani uchun qayerga borsam ham unga e’tibor beraman. Iqlimimiz uzumchilikka mos. Hindistonga borganimda ko‘rdimki, u yerda 15 fevralda uzum pishar ekan. So‘ng 10-15 kun ushlash uchun o‘rashar ekan. Bizda uzum pishganidan keyin havo mo‘’tadillashib pasayadi. Sentyabr oyidan keyin yana bir oy tok ustida turishga imkoniyat bor. 2012 yili Amerikada meva-sabzavot saqlash bo‘yicha malaka oshirib kelganman.
Uzumchilik qachonki ilmga, ilg‘or tajribaga asoslansagina kutilgan natija beradi. Bu sara uzumlar, mo‘l hosil tinimsiz zahmatli mehnat tufayli bunyod etildi.

– O‘tgan yili gektaridan 20-25 tonnadan hosil olgan bo‘lsak. Bu yil 25-30 tonnadan hosil olish kutilyapti, – deydi fermer. – Avvallari noyabr oyida sifatli uzum topa olmas edik. Hozir sovutgichni dehqonlarning ombori, desak bo‘ladi.
O‘zbekiston Prezidenti Farg‘onaga tashrifi chog‘ida “Xayrullo Boymatov” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi, Isoqjon bilan uzumchilikni rivojlantirish masalasida fikr almashdi va zarur topshiriqlar bergan edi.
– Qilgan mehnatimizga davlat rahbari minnatdorchilik bildirdi. Charchoqlarimiz chiqib ketdi. Kelgusida xalqimiz dasturxonlariga yana ham yaxshi mahsulot yetkazib berishga bel bog‘ladik.

Isoqjonning orzularidan biri – Oltiariqda yangi navli uzum turini yaratish. Buning uchun u izlanishda.
– Hozir 10 dan ortiq yangi navlarimiz bor. Shulardan bozor talabiga mos danaksiz uzumga e’tibor beryapmiz.
“Xayrullo Boymatov” fermer xo‘jaligi mahsulotlari Toshkent, Samarqand, Buxoro yirik savdo shoxobchalarida sotilyapti.

– Korzinka do‘konlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib beryapmiz. Avvallari o‘rtakash bo‘lar edi. Hozir o‘zimiz yetkazamiz. Ertalab uzilgan mahsulotimiz kechga borib do‘kon rastasiga yetib boryapti.
Har kim, har ishda saxovatli bo‘lishi kerak. Isoqjon Boymatov shunday insonlardan.
– Sovutgich omborlarimizni qurib bitkazdik. Kelajakda xalqimiz uchun maktab, bog‘cha qurishni reja qilganmiz. Chunki Prezidentimizning bizga yaratib berayotgan imkoniyati, odilona siyosati natijasini ko‘rsatishga harakat qilamiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AS2D2dCIf9o" title="Oltiariqning uzumzor bogʻlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA muxbirlari