Azaldan yo‘l, ko‘prik qurish, ta’mirlash ulug‘ va savob amallar sanalgan. Zero, borar manzilimiz yaqin bo‘lishi, yo‘l mashaqqatining yengil o‘tishi ana shu yo‘llarga, ularning sifati va tekisligiga bog‘liq. Farg‘ona viloyatida bugungi kunda yo‘lsozlar tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu kunlarda Oltiariq tumaniga yo‘li tushgan odam bu yerdagi bunyodkorlik, obodonchilik ishlariga guvoh bo‘ladi. Ayniqsa, ravon va tekis yo‘llar kishi e’tiborini tortishi shubhasiz. Tan olish kerak, xalqimiz turmush sharoiti yaxshilanishi natijasi o‘laroq avtomobillar sonining keskin ortishi, qatnov darajasining ko‘tarilishi yuz ko‘rsatayotgan hozirgi paytda tuman yo‘lsozlarining mehnati va jonbozligiga tahsin aytging keladi. Xalq tili bilan aytganda, yo‘llardagi “yama”larning kun sayin kamaytirilayotgani, o‘nqir-cho‘nqirliklarga barham berilayotgani, yo‘l chetlaridagi tozalash va bo‘yash ishlari amalga oshirilayotgani, ayniqsa, haydovchilar olqishiga sazovor bo‘lmoqda.


– Belgilangan reja asosida tumanimiz hududidagi barcha yo‘llarda joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, – deydi Oltiariq tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi bosh muhandisi Dilshod Sobirov. – Jumladan, joriy yil uchun belgilangan dastur asosida umumfoydalanishdagi 384 kilometr, davlat ahamiyatidagi 105 kilometr va mahalliy ahamiyatdagi 279 kilometr masofadagi yo‘llarda ta’mirlash-rekonstruksiya, asfalt, shag‘al yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, yo‘l yoqalariga ham e’tibor qaratilib, muntazam ravishda chiqindilardan tozalash, oqlash-bo‘yash ishlari olib borilyapti, avtobekatlar va yo‘l belgilari ta’mirlanyapti, yo‘l chetlari, aylanma va burchakli o‘tkazmalar ichiga gul ko‘chatlari ekilib, parvarishlanyapti.
Prezidentimizning o‘tgan yil 25 oktyabrda qabul qilingan “2022 – 2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida tumandagi aksariyat mahallalarning muammosi hal bo‘lmoqda. Ichki yo‘llar to‘liq asfalt qilinib, ko‘chalar yanada chiroy ochmoqda.


Ayni paytda yurtimizda pishiqchilik mavsumi, Oltiariq esa tadbirkorlar, mirishkor dehqonlar yurti. G‘arq pishgan meva-chevalarni iste’molchilarga sifatli yetkazish, xorijga eksport qilish avj olgan pallada, shu bilan birga, chet ellik sayyohlar tashrifi kun sayin ortib borayotgan paytda yo‘llarimizning ravonligi, atrof hududning obodligi e’tiborga molik. Yo‘lsozlarning fidokorona mehnati esa chin ma’noda mamlakat taraqqiyoti, yurtdoshlarimizning hayotdan roziligi sifatida namoyon bo‘laveradi.
M.Sulaymonov, O‘zA