Oltiariq uzumlaridan tatib ko‘rganmisiz? Uning o‘ziga xos mazasi, quyosh nurlaridek tovlanuvchi donalari kishini o‘ziga rom etadi. Shu bois bugungi kunda bu zaminda yetishtirilayotgan uzumlar butun dunyoda xaridorgir.
Prezidentimiz topshirig‘i asosida Oltiariq tumanidagi ilg‘or tajribalar endilikda butun mamlakatimiz bo‘ylab ommalashtiriladi. Farg‘ona viloyatida uzum yetishtirishda Oltiariq tajribasini joriy etish bo‘yicha ko‘rgazmali seminarda bu borada aniq vazifalar belgilab olindi, mirishkor dehqonlar bilan uzum parvarishlash sirlari o‘rtoqlashildi.


O‘zbekistonda 181 ming gektar maydonda uzumning turli navlari yetishtirilmoqda. Oltiariq tumanida uzumchilikda katta maktab yaratilgan. Ayni paytda aholi xonadonlarida qariyb 5 ming gektar yerda uzum parvarishlanyapti. Hovli uylar tashqarisida qo‘shimcha yana ming gektar yerda uzum yetishtiriladi. Bugun oltiariqliklar tomonidan xalq dasturxoniga o‘nlab navdagi sifatli va sarxil uzumlar yetkazib berilmoqda, shuningdek, xorijga ham minglab tonna uzum eksport qilinmoqda. “Chinortagi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Husanboy aka G‘ofurov qariyb yarim asrdan buyon uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Hozirgi kunda uning xonadonida “Husayni”, “Rizamat ota”, “Kelin barmoq”, “Qora shahzoda”, “Shohonak” singari o‘ndan ortiq uzum navlari parvarishlanadi. E’tiborlisi, oila a’zolari kuzda pishgan uzumni tokdan uzmagan holda keyingi yilning bahorigacha saqlash, uy sharoitida uzoq muddat tabiiy usulda saqlagan holda xaridorlarga yetkazib berish borasida katta tajribaga ega.


Seminar ishtirokchilari mazkur xonadonda bo‘lib, uzum yetishtirishning sir-sinoati bilan tanishdi. Husanboy aka tomonidan o‘z tomorqasida yetishtirilayotgan uzum navlari, o‘ziga xos parvarish usuli haqida batafsil ma’lumot berildi. Xonadon sohibi o‘z uyida, qo‘lbola usulda saqlanayotgan o‘tgan yilgi uzum mevalaridan mehmonlar oldiga olib chiqib, hammani xayratlantirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev G‘ofurovlar sulolasi uzumchilik borasida mahoratli dehqon ekanliklari, Xusanboy akaning otasi ham yilning istalgan vaqtida omborxonasidan uzum saqlashning uddasidan chiqadigan kishi bo‘lganligini e’tirof etdi.

“Uzumchi”, “Ko‘lbo‘yi”, “Mirfozil” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan mirishkorlarning uzumchilikdagi yutuqlari seminar ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Har bir xonadon bir yilda 5-20 tonna uzum yetishtiradi, daromad ham shunga yarasha. Uch kun davomida mehmonlar Qo‘shtepa tumanidagi “Namuna”, “Qo‘shtepa” mahalla fuqarolar yig‘inidagi aholi tomorqalarida intensiv usulda uzum navlarini parvarishlash, Farg‘ona shahridagi “Ilyasov” agroklaster tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, saralash va qayta ishlash hamda agrologistika markazi faoliyati kabilar bilan tanishdi.
M.Sulaymonov, O‘zA