English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltiariqlik uzumchi fermerlar Turfonga yo‘l oldilar (+video)
20:32 / 2025-08-11

Rivojlanish muloqot va hamkorlik bor joyda yuksaladi. Hatto bog‘dorchilik sohasida ham. Oltiariqda, “Xayrullo Boymatov” fermer xo‘jaligida bo‘lganimizga bir yil o‘tibdi. Bog‘ yanada kuchga to‘lib yayrab ketgan. Har tup ko‘chatda bo‘liq hosil. Uzum donalari salobatli. Mazasi yoqimtoy.

– Uzumzorda men tanimaydigan navlar paydo bo‘libdimi? – so‘radim men.

– Ha, shunday, – deydi fermer Isoqjon Boymatov. – Mana bu qizil kelin barmog‘i, bunisi Singram deyiladi. F-1 navini qarang, uning yelkasidan uchigacha doni bir xil, ya’ni katta-katta bo‘ladi. Bu ham yangi nav.

– Hozir O‘zbekiston bozorida Avatar navi ommalashdi. Undan ham ekdingizmi?

– Bu navni ham ko‘paytiryapmiz, – deydi mohir bog‘bon. – U danaksiz, mazasi o‘ziga xos, xushbo‘y ifori bor. Shuning uchun xalq suymoqda. Erta bahorda ikki-uch pindikli novdani qalamcha usulida ekib ko‘chatga aylantiryapmiz.

Isoqjon izlanuvchanlikni otasidan o‘rgangan. U bir tupda 4-5 xilgacha uzum navlarini yaratganida shov-shuv bo‘lgandi. Mana endi u hatto bemorlar uchun ham foydali uzumni ko‘paytirmoqda.

– Ma’lumki, ko‘p odamlarda qand kasalligi bor va ularga uzum yeyish tavsiya etilmaydi. Siz bu masalada qanday fikrdasiz, – so‘radim Isoqjondan.

– To‘g‘ri, uzumda shira ko‘p bo‘ladi, – deydi bog‘bon. – Lekin Maksim navidan iste’mol qilsa bo‘laveradi. Chunki u olma va gilos ta’mini beradi. Unda shira kam. Bemorga zarari tegmaydi, bu navning.

Fermer ikki yuz gektar maydonda uzum yetishtirgan. 30 dan ziyod navlar bor. Hammasi o‘ziga xos. O‘z vaqtida pishadi. Isoqjon esa pishganiga qarab sovuqxonaga joylaydi. Bu yil fermer xo‘jaligi sovuqxonasi sig‘imi 2,5 ming tonnaga yetdi.

– Oltiariqda uzumchilik bu qadar rivojlanib ketishining sababi nimada deb bilasiz?

– Muhtaram Prezidentimizning Oltiariq uzumchiligiga bo‘lgan alohida e’tiborlari tufayli tumanimizda u brendga aylandi, – deydi fermer. – Hozir juda katta uzum bog‘lari yaratildi. Ilgari faqat xonadonlarda bo‘lar edi. Prezident tashabbusi bilan bog‘bonga imtiyozlar, qulay kredit va subsidiyalar berildi. Natijada minglab gektarda yangi uzum bog‘lari barpo bo‘ldi.

Oltiariqlik uzumchi bog‘bonlar dunyo yangiliklaridan xabardor bo‘lib turishadi. Hali u, hali bu davlatdan Oltiariqqa hamkasblari kelishmoqda. Ular esa o‘sha mamlakatlarga yo‘lga chiqadilar.

– Hindistonga borib malaka oshirib keldik. Ertaga tumanimizdan bir guruh uzumchi fermerlar Xitoyning Turfon shahriga yo‘lga chiqishyapti. U yerda 40 ming gektarda uzumzorlar bor. Maqsadimiz o‘zaro tajriba almashib uzumchilikni yanada rivojlantirish, – deydi “Xayrulla Boymatov” fermer xo‘jaligi rahbari Isoqjon Boymatov.

Turfon Xitoyning uzumchilik poytaxti. U yerdagi hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashadigan gaplari ko‘p bo‘ladi.

<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/IOVpQMMJNno?si=pPL8Pr_ONGQ4jHlx" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA