Ijtimoiy tarmoqlarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tumani sudida ko‘rib chiqilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha “Oltiariqlik ona chidab turolmadi, sudyani qarg‘ab tashladi” sarlavhali material e’lon qilingan.
Ushbu holat bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati bayonot berdi:
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi mazkur mediamahsulotni sudga nisbatan bosim, sudyaning sha’ni, qadr-qimmati va daxlsizligiga qilingan tajovuz, deb hisoblaydi.
Sudga nisbatan har qanday ko‘rinishda ta’sir o‘tkazish qonun bilan taqiqlangan. Hali sud majlisi yakuniga yetmay uning natijasini oldindan bashorat qilish xususida ham shunday deyish mumkin.
Ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan “reportaj”da hali yakuniga yetmagan sud majlisi haqida so‘z yuritilar ekan, “suddan adolat talabi” bot-bot takrorlanadi. Holbuki, sudyaning qanday xatti-harakati tomonlarda shubha uyg‘otayotgani, qanday sabablarga ko‘ra norozi bo‘linayotgani haqida aniq gap yo‘q. Mabodo, shunday holat ro‘y bergan taqdirda e’tiroz bildirishning qonuniy tartiblari bor. Unga rioya etish shart.
Tasavvurga sig‘mas yana bir holat shuki, bloger tomonidan jabrlanuvchi tomonga “sudda korrupsiya bo‘lmayatimi?” mazmunida yo‘natiltiruvchi savol beriladi va bunga “ha, korrupsiya bo‘lyapti, eshityapmiz”, mazmunida javob oladi.
Bunday intervyular jamoatchilikda noto‘g‘ri tasavvur shakllanishiga, sudning xolisligiga asossiz shubha tug‘dirish barobarida sudyaga nisbatan bosim paydo qilishi ehtimoli yo‘q emas.
Blogerlarning bunday xatti-harakatlari huquqiy savodsizlikdan tashqari, jamiyatimizda tobora shakllanib borayotgan so‘z erkinligini suiiste’mol qilishdan boshqa narsa emas. Bu esa huquqiy ta’sir choralari qo‘llanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Sudyalar Oliy kengashi matbuot xizmati alohida ta’kidlaydiki, ochiq sud majlislarida jurnalist yoki blogerlarning ishtirok etishiga hech qanday mone’lik yo‘q. Jarayonni video tasvirga olishga ruxsat etish yoki etmaslik masalasini (tomonlarning fikrini inobatga olgan holda) sudga raislik etuvchi mustaqil hal qiladi. Qonun talabi shunday.
Ayni paytda sudda yosh yigitning (21 yosh) o‘limi bilan yakun topgan janjalga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda. Ish bo‘yicha to‘rt nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘ladigan darajada qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 127-modda 3-qismi (voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etish) ayb e’lon qilingan bo‘lib, ularning barchasiga “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ko‘rinadiki, jinoyat ishi o‘ta jiddiy va nozik. Bunday holatda ijtimoiy tarmoqlar bo‘ladimi, ommaviy axborot vositalari bo‘ladimi, oldindan turli asossiz farazlar bildirilishi sudning daxlsizligiga ta’sir etuvchi salbiy omillardan biridir.
Sudyalar oliy kengashi amaldagi qonunlarni hurmat qilish va amal qilishga har bir shaxs mas’ul ekanini eslatib o‘tadi.
O‘zA