Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltiariqda 44 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi
16:28 / 2023-11-02

Oltiariq tumanidagi “Hamza expo art tekstil” MCHJ paxta-to‘qimachilik klasterida bugungi kunda 900 ga yaqin ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda.

Hozirda tumandagi 200 ga yaqin fermer xo‘jaliklari bilan paxta xom-ashyosini xarid qilish bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan mazkur korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mahalliy ichki bozorlardan tashqari, bir qator xorijiy davlatlarga, jumladan, Rossiya va Polshaga eksport qilinmoqda.  

Korxona yillik 4 ming tonna kalava ip, 2 ming tonna mato ishlab chiqarish hamda 5 million dona tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega.  

Korxona rahbari va ishchi-xodimlar yangi loyihalar ustida ishlash, yangi texnologiyalardan keng foydalanish ustida bosh qotirishdan charchamaydi. Shundan bo‘lsa kerak, korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi va sifatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholini ish bilan ta’minlash maqsadida bir qator yangi loyihalar amaliyotga joriy etilmoqda.  

Xususan, loyiha qiymati qariyb 40 milliard so‘m bo‘lgan paxtani qayta ishlash va tozalash loyihasi joriy yil sentyabr oyida ishga tushirilib, 118 nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bundan tashqari, yillik ishlab chiqarish quvvati 5 ming 400 tonna, qiymati 110 milliard so‘m bo‘lgan oliy toifadagi xalqa iplari ishlab chiqarish loyihasi yaqin kunlarda ishga tushirilish arafasida. Loyiha ishga tushgach, yana 350 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.  

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat kengashi mazkur korxona bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.  

– Shunga ko‘ra, Yurtboshimizning Farg‘ona viloyatini “Xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlikdan holi hududga aylantirish” taklifidan kelib chiqib, Oltiariq tumani hokimligi hamkorligida ishsiz xotin-qizlar, faol tadbirkorlar va ish beruvchilarning muloqot uchrashuvi tashkil etildi, – dedi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shohsulton To‘xtamatov. – 150 nafarga yaqin ishsiz xotin-qizlar ishtirok etgan tadbirda korxona ma’muriyati tomonidan ishtirokchilarga ishlab chiqarish jarayonidan tortib, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlargacha ma’lumotlar berildi. Natijada, shu kuni 44 nafar opa-singillarimiz  shu yerda ishlash istagi borligini bildirdi. Ular bilan shu kunning o‘zidayoq mehnat shartnomalari tuzildi.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA