Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltiariqda 3 ming 224 nafar ishsiz yoshlar bor
10:36 / 2021-01-28

Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi zimmamizga katta mas’uliyat yuklatilganligini ko‘rsatdi.

Darhaqiqat, yoshlar masalasi hech qachon e’tibordan chetda bo‘lmasligi, kunlik ish tartibimizdan tizimli o‘rin olishi kerak. Biz sektor rahbarlariga yoshlarning muammolarini hal etish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Tumanimizda bugungi kunda 114 ming 882 nafar yosh istiqomat qilmoqda. O‘tkazilgan xatlovda 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan 43 ming 45 nafar yosh borligi aniqlandi. Shundan 3 ming 224 nafari ishsiz yoshni tashkil etmoqda. Ayni kunlarda ular “Yoshlar daftari”ga kiritilib, bandligini ta’minlash uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Hozirgi kunda 172 nafar yoshni hunarmandchilik, 245 nafarini "Yoshlarni 1+1" dasturi doirasida tadbirkorlarga biriktirish ishlari davom etmoqda. 26 nafar yosh investitsiya dasturi bo‘yicha yangi ish o‘rinlariga, 257 nafari qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyatini tashkil etish, 224 nafar yoshga kredit ajratish, biznes loyihalarini amalga oshirish hisobiga 1 ming 300 nafar yoshni yangi tashkil etilgan “Yoshlar kichik sanoat zonasi”ga joylashtiriladi.

Bundan tashqari Bo‘rdonliq massividagi “Zilol” mahalla fuqarolar yig‘inida qir-adirlikdagi 300 gektar yer maydonini o‘zlashtirib, suv ta’minotini yo‘lga qo‘yib, 30 sotixdan 1000 nafar yoshga ajratib berishni rejalashtirganmiz. Mazkur ishlarni 2,2 milliard so‘m subsidiya hisobiga hamda 1 milliard so‘m viloyat hokimining ko‘magi bilan amalga oshiramiz. bugungi kunda loyihalarimiz tayyor. Hozirda ushbu yerda taqsimot ishlari amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, o‘tgan yili tadbirkor Mavsum Umarovga qir-adirlikdan 52 gektar yer maydoni ajratilib, “Mavsum agro logistika” ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil etildi. Kooperatsiyaga 290 nafar yosh jalb etilib, 15-20 sotixdan issiqxona va uzumchilikni tashkil etish maqsadida yer maydoni ajratildi. Hozirgi kunda bu yerda Rossiya davlatida ishlab qaytgan 70 nafar mehnat migrantlari ish bilan ta’minlandi va yoshlarga 222 million so‘m miqdorda subsidiya ajratildi. Shuningdek, ushbu hududda ajratilgan subsidiya hisobidan 5 ta joyga suv chiqarildi va tuman hokimligi tomonidan elektr ta’minoti bilan ta’minlandi.

Buning natijasi bo‘yicha 1 gektar yerdan 80 tonnagacha pomidor mahsulotlari yetishtirilib, eksportga yo‘naltirildi. Bundan tashqari shu hududning o‘zida yana “Chimyon agro logistika” va “Akbar ota omad diyori” va “Haydar buvo ko‘hna diyori” kooperatsiyalari tashkil etildi.

Zilxa massivida Moskva shahrida yurgan yosh tadbirkor Sardor Hakimov tomonidan 6 gektar yer maydoniga “Fayzli bog‘lar sari” meva-sabzavotchilik kooperativi tashkil etilib, 40 nafar yoshga 15 sotixdan yer maydoni ajratib berildi. Hozirgi kunda ushbu kooperativida yoshlarimiz o‘z faoliyatini olib bormoqda. O‘tgan yili 6 gektar yerdan 110 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, jami 278 ming dollar miqdorda eksportni amalga oshirdi. O‘rtacha bir nafar yoshning bir oylik daromadi 2,1 million so‘mni tashkil qildi.  

Chet eldan yuk mashinalarini xarid qilish uchun bojxona to‘lovlariga yaratilgan imtiyozlar evaziga tumanimizda 400 dan ortiq refrijeratorli yuk mashinalari xarid qilindi. Shuni o‘zida 800 dan ortiq ish o‘rni yaratilib, har oyda 1,2 million dollar daromadga erishildi. Yana 300 ta fura olishga talab bor. Bu 600 nafar yoshlarni ish bilan ta’minlash imkonini beradi. Tumanga har oyda 1 million dollar keladi.

Yoshlar bilan tizimli ishlashda faoliyatimizda ko‘plab kamchiliklar bor. Albatta, tumanimizda sektor rahbarlari bilan yoshlarning muammolarini o‘rganish va hal etish uchun barcha imkoniyatlarni faol ishga solamiz.

Xolmirza Niyozov,

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani hokimi