Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltiariq uzumzori — Sayxunobodda namunaga aylandi
10:40 / 2025-07-31

Hududlarning shaharsozlik qiyofasi, ekologik holati va tabiiy muhiti jamiyat taraqqiyoti hamda aholi turmush darajasini belgilab beruvchi muhim omillardan hisoblanadi. Sayxunobod tumanida bu borada olib borilayotgan ishlar, xususan, tuman markazidagi uch mahallani bog‘lab turuvchi “Navro‘z” ko‘chasini uzumzorga aylantirish loyihasi katta ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur tashabbus Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “uzumzor ko‘cha” tajribasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, homiylik mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Keng qamrovli ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari doirasida “Navro‘z” ko‘chasi yangi qiyofa kasb etmoqda.

– Fuqarolar uchun ekologik toza va fayzli muhit yaratish — asosiy maqsadimiz,  – deydi tuman hokimi Komiljon Mullajanov.  – Bu loyihani amalga oshirishda tajribali dehqonlar, faol fuqarolar bilan hamkorlik qilyapmiz.

Ayni paytda ko‘cha bo‘ylab maxsus shpallar o‘rnatilib, uzum yetishtirish uchun zarur infratuzilma yaratildi. “Husayni” va “Rizamata” navli uzum ko‘chatlari Oltiariq tumanidagi ixtisoslashgan ko‘chatxonalardan olib kelinmoqda. Bu tashabbus nafaqat muhitni obodonlashtiradi, balki aholi dasturxoniga ham baraka olib kiradi.

– Oltiariqdagi uzumzor ko‘chalar ijtimoiy tarmoqlarda qalbimizni quvontirgan edi,  – deydi mahalla faoli, mehnat faxriysi Qodirqul bobo.  – Endi shunday go‘zal manzaralar Sayxunobodda ham paydo bo‘layotganidan xursandmiz. Bu — nafaqat ko‘rkamlik, balki soya, salqinlik va har bir oila uchun ozuqa manbai hamdir.

Loyiha doirasida yo‘l yoqalariga manzarali gullar, chinor daraxtlari ekish, piyodalar yo‘laklari qurish, o‘rindiqlar, chiqindi qutilari, tungi yoritish chiroqlari va kuzatuv kameralari o‘rnatish ishlari ham ko‘zda tutilgan. Bu esa obodonlashtirishga kompleks yondashilayotganidan dalolat beradi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday loyihalarni amalga oshirishda faqat daraxt ekish bilan cheklanmasdan, agrotexnik talablarga rioya etish, tuproq va iqlim sharoitini hisobga olish muhim. Shu bois ishlarni agronomik tavsiyalar asosida tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda.

“Navro‘z” ko‘chasidagi mazkur tashabbus ekologik muhitni yaxshilash, tumanning umumiy qiyofasini o‘zgartirish, turizm va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga ham xizmat qiladi.

Ma’lumki, bugungi kunda shaharsozlikda “yashil infratuzilma” konsepsiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shunga ko‘ra, shahar va tumanlardagi yo‘llar, bo‘sh yerlar hamda jamoat joylari ko‘kalamzorlashtirilishi, aholi uchun qulay muhit yaratilishi lozim. Sayxunoboddagi “Navro‘z” ko‘chasi loyihasi ana shu zamonaviy va barqaror rivojlanish g‘oyalariga yo‘l ochadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri