Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani nafaqat bodring va turp, balki uzumi bilan ham mashhur. O‘tgan yillar mobaynida bu yerda o‘ziga xos maktab vujudga kelib, o‘nlab turdagi yangi uzum navlari yaratildi. “Qora shahzoda”, “Husayni”, “Kelinbarmoq”, “Rizamat ota” kabi navlar nafaqat ichki bozorda, balki uzoq-yaqin xorij davlatlarida ham xaridorgir bo‘lib bormoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan uzumchilikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilib, Oltiariq tajribasi ommalashtirilyapti. Adirlar bag‘rida chinakam mo‘’jiza yaratildi uzum, meva bog‘lari bunyod etildi. “Yangi O‘zbekiston uzum bog‘i”da 1000 gektar dasht yerlar o‘zlashtirilib, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan yo‘l, elektr ta’minoti bilan ta’minlandi. Suv tarmog‘i tortildi, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilib, yil davomida zaxira qilish uchun maxsus suv hovuzi tashkil etildi.

Har bir oilaga o‘rtacha 20-25 sotixdan ajratib berilib, mahalliy iqlim sharoitiga moslab ekilgan o‘nlab navli uzum ko‘chatlari bugun hosilga kirdi. Sirojiddin Esonaliyev Qapchug‘ayda 50 sotix uzum bog‘i olgan. Bu yil intensiv usulda qovun yetishtirib, yaxshi daromad oldi. Uzum chetlariga Turkiyadan olib kelingan eksportbop 300 tup o‘rik navidan ekkandi. Intensiv o‘rik navi ikkinchi yili 400 kg dan ortiq hosil berdi. Abdufayoz Olimovlar oilasi uzum ko‘chati oralig‘ida ertaki qovun yetishtirib, ichki bozorga chiqarmoqda. Oila sohibining ta’kidlashicha, ikki o‘g‘li va ikki kelini bu yerda doimiy ish bilan band. Muhimi, dehqonchilik yumushlari tufayli oilaga fayz, baraka kirdi.

Ta’kidlash joiz, bugungi kunda Oltiariq tumanida 72 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 40,5 ming xonadonda qariyb 230 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi tomorqasi, fermer va dehqon xo‘jaliklari tasarrufida 4 ming 500 gektar uzum bog‘i mavjud. Shuningdek, 70 ming tonna sig‘imga ega 85 ta meva-sabzavot saqlashga ixtisoslashgan muzlatgichli omborxonalar bor. 67 ta eksportyor korxona, 30 dan ortiq logistika markazlari hamda 1 ta meva-sabzavot sotishga mo‘ljallangan ulgurji bozor tashkil etilgan.

– 2023 yili 114,4 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, bu borada tumanning viloyat miqyosidagi ulushi 17 foizga yetdi, – deydi Oltiariq tumani hokimi Shamsiddin Turdaliyev. – Asosiy drayver sifatida 42,5 ming tonna uzum eksport qilindi. Eksport geografiyasi MDH davlatlaridan tashqari Eron, Indoneziya, BAA, AQSH singari mamlakatlar hisobiga kengayishiga erishildi.
Bu yil maqsad yanada ulkan va Yevropa bozorlariga chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu maqsadda Oltiariq tuman hokimligi delegatsiyasi yaqinda Polsha mamlakatida bo‘lib, bir qator istiqbolli kelishuvlarga erishdi. Xususan, “Agro House” MCHJ bilan hamkorlikda mamlakat poytaxti Varshava shahrida savdo uyi tashkil etildi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri