Farg‘ona viloyatida ayni paytda 4,5 ming gektar uzumzorlar mavjud bo‘lib, shundan 3,4 ming gektari Oltiariq tumanida joylashgan.
Uzum Oltiariqning o‘ziga xos brendi. Tumanning 72 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 40 mingdan ortiq xonadonning deyarli har birida uzum yetishtiriladi. Ayni kunlarda Oltiariq bog‘larida pishib, shira bog‘lagan uzum hosilini eksportga tayyorlash ishlari boshlab yuborilgan.
O‘tgan yili oltiariqliklar 70 ming tonna uzumni MDH, Osiyo, Yevropa qit’asi, Arab davlatlari, hatto AQSH bozoriga yetkazib bergan.
[gallery-24544]
Oltiariq tumanidagi «Xayrullo Bahrom Boymatov» fermer xo‘jaligining uzumchilik plantatsiyasida jahon bozorida xaridorgir, serhosil navlarni mahalliylashtirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Salkam 100 gektar maydonga ega fermer xo‘jaligida har yili “husayni”, “kelinbarmoq”, “Rizamat”, “mersedes” kabi 20 xil navda 3 ming tonna uzum yetishtiriladi. Bog‘ yonida 2 ming tonna sig‘imga ega sovutkichli ombor qurilgan.
Mana shunday fermer xo‘jaliklari va aholi tomonidan yetishtirilgan uzum hosilini tashqi bozorlarga chiqarishda Farg‘ona viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining Eksportga ko‘maklashish markazi ko‘magi katta bo‘lmoqda.
Markazda karantin inspektorlari tomonidan fitosanitariya sertifikati rasmiylashtiriladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kichik laboratoriyada tekshiruvdan o‘tkaziladi. Shu yerda yuk mashinalarini zararsizlantirish maqsadida fumigatsiya ishlari ham olib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Eksportga ko‘maklashish markazida barcha hujjat ishlarining bir joyda rasmiylashtirilishi sohibkor va tadbirkorlarning vaqtini tejashga imkon beryapti.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA