French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltiariq uzumi Amerika savdo markazlarida sotilmoqda
10:43 / 2023-12-18

Farg‘ona viloyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti sohasida mamlakatimizda juda katta salohiyatga ega. Ayni paytda viloyatda yetishtirilayotgan gilos, uzum, o‘rik, shaftoli, anor, xurmo, qovun kabi mahsulotlar jahon bozorida tobora xaridorgir bo‘layotgani quvonarlidir.

Xususan, Oltiariq tumani uzum yetishtirishda katta tajribaga ega. Bu yerdagi aksariyat xonadonlarda o‘ziga xos ta’mga ega bo‘lgan  uzum navlari yetishtiriladi.  

Viloyatdagi 8 ming 288 gektar tokzorlardan 3 ming 284 gektari aynan Oltiariq tumanida joylashgan. Joriy yilda viloyatda yetishtirilgan 208 ming 400 tonna uzum hosilining 61 ming 800 tonna qismi ham mazkur tuman hissasiga to‘g‘ri keladi. Oltiariq uzumlari tashqi bozorda xaridorgir.  

Endilikda bu yerda yetishtirilgan uzumlar AQSH bozoriga ham kirib bordi. Gap shundaki, tumandagi “Sherakhun” xususiy korxonasi tomonidan joriy yil noyabr oyi boshlarida sinov tariqasida AQSHga yuborilgan 1 tonna uzum “NetCost” oziq-ovqat savdo markazlari tarmog‘ining Nyu-York nuqtalariga qadoqlanib tarqatildi va ikki kunning ichida o‘z xaridorini topdi. Bu jarayonda AQSHning Qishloq xo‘jaligi departamenti va Oziq-ovqat mahsulotlarining sanitar nazorati boshqarmasi (FDA) tomonidan Oltiariq uzumlarining eksport uchun meva karantin talablariga mosligi o‘rganib chiqildi va ijobiy xulosa taqdim etildi.

[gallery-15107]

Bundan kelib chiqib, Amerikadagi yirik supermarketlar bilan hamkorlik qiluvchi “E.L.A. Superior Produce Inc.” kompaniyasi bilan “Sherakhun” xususiy korxonasi o‘rtasida doimiy eksport shartnomasi imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, dastlabki partiyada 250 tonna Oltiariqning “Kelin barmoq” navli uzumi samolyotlarda yetkazib beriladi va bu doimiy davom etadi. Amerika kompaniyasi kelajakda tezkor yetkazib berishni ta’minlash maqsadida Oltiariq tumanida FDA litsenziyasidan o‘tgan AQSH meva-sabzavot bazasini yaratib, u yerning o‘zida xorijiy standart talablari asosida karantin ruxsatnomasi rasmiylashtirilishi va qadoqlash tizimini yo‘lga qo‘yish uchun sarmoya kiritishga qaror qildi.

Tadbirkor Shavkatjon Aliqulov rahbarligidagi “Sherakhun” xususiy korxonasi Rossiya va Belarus davlatlariga ham Oltiariq uzumlarini eksport qilib keladi. Ayniqsa, Belarus bozoriga joriy yil boshida jadal kirib borib, hozir ushbu mamlakatdagi “Dobronom”, “Sosedi”, “Korona”, “Grin” kabi 7 ta yirik supermarket tarmoqlariga doimiy uzum yetkazib berilmoqda. Xususiy korxona tomonidan Oltiariqda barpo etilayotgan 400 tonna hajmdagi meva-sabzavot ombori yangi yilga qadar ishga tushiriladi.

Mamlakatimizda uzumchilikni rivojlantirishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021 yil  28 iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

O‘tgan davrda 48 ta uzumchilikka ixtisoslashgan tumanda 106 ming gektarda tokzor barpo etildi. Yevropadan 34 ta yangi, danaksiz uzum navlari keltirildi. Sohani davlat davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun uch yilda 183 milliard so‘m subsidiya ajratildi.  

 

M.Sulaymonov,  

M.Qodirov(surat),

O‘zA muxbirlari