Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olti oyda Qonunchilik palatasiga jismoniy va yuridik shaxslardan 3 ming 777 ta murojaat kelib tushdi
17:51 / 2023-08-08

Mamlakatimizda har bir shaxsning davlat idoralari, muassasalari, shu jumladan xalq vakillariga murojaat qilish huquqi konstitutsiyaviy norma asosida shakllandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 40-moddasida har kimning bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egaligi mustahkamlab qo‘yildi. O‘z navbatida, arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shartligi ham Bosh qomusimizda aks etgan.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatlik korpusi vakillari ham fuqarolardan keladigan arizalarni har tomonlama, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratmoqda.  

Xalq bilan ochiq va samarali muloqot olib borish, joylarda murojaatlarda bayon etilayotgan muammolarni o‘rganish hamda hal qilish, fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari oldiga qo‘yish deputatlar faoliyatining bosh mezoni hisoblanadi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Parlament axborot markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilning birinchi yarim yilligida Qonunchilik palatasiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 3 ming 777 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 619 tasi Qonunchilik palatasi virtual qabulxonasidan, 407 tasi Prezident virtual qabulxonasidan, 1 ming 38 tasi fuqarolar qabulidan, 386 tasi deputatlar sayyor qabulidan, 1 ming 327 tasi pochta aloqa bo‘limi orqali kelib tushgan.  

Deputatlarning saylovchilar bilan o‘tkazayotgan yuzma-yuz ochiq muloqoti va uchrashuvlari aholining xalq vakillariga bevosita murojaat qilish va ularning muammolariga yechim topish imkoniyatini yaratmoqda.  

2023 yilning birinchi yarim yilligida deputatlarning saylovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq muloqoti va uchrashuvlarda jismoniy va yuridik shaxslardan 386 ta murojaat qabul qilingan. Sayyor qabullar jarayonida murojaatlar sonining kamayishi yangi shaklda yaratilgan Qonunchilik palatasi Virtual qabulxonasi va deputatlarning shaxsiy telegramm kanallari orqali fuqarolarning murojaat qilish imkoniyatlarining yaratilishi bilan bog‘liqdir.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi tomonidan yuborilgan murojaatlar 2022 yilning birinchi yarim yilligida 407 tani tashkil etib, hisobot davrida murojaatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23 taga oshgan.  

Qonunchilikka muvofiq, murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin va ularning shaklidan qat’i nazar, bir xil ahamiyatga ega bo‘ladi. Qonunchilik palatasiga yo‘llangan murojaatlarning 2 ming 606 tasini yozma, 1025 tasini elektron, 146 tasini og‘zaki murojaatlar tashkil etadi. Murojaat tahlili hisobot davrida Qonunchilik palatasiga takroriy murojaatlar soni oshganini ko‘rsatmoqda. Binobarin, murojaatlarning 508 tasi takroriy murojaatlar bo‘lib, ular o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 139 taga yoki 27,3 foizga oshgan.  

Hisobot davrida eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (20,3 foizi), Qashqadaryo (13,4 foizi), Toshkent (11 foizi), Samarqand (9,6 foizi), Namangan (8,4 foizi), Farg‘ona (6,1 foizi)  viloyatlaridan kelib tushgan. Hududlardan Qonunchilik palatasiga yuborilgan murojaatlar soni kamaygan bo‘lsa-da, ayrim hududlardan kelgan murojaatlar salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.  

Misol uchun, Toshkent shahridan kelib tushgan murojaatlar soni 2022 yilning mos davrida 1035 tani tashkil etgan bo‘lib, hisobot davrida 265 taga kamaygan, ammo Toshkent shahri aholisi tomonidan yuborilgan murojaatlar jami murojaatlarning katta qismini tashkil etmoqda. Boshqacha aytganda, har beshta murojaatning bittasi poytaxtliklardan kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning eng ko‘p qismini sudlar vakolatidagi (112 ta), mahalliy davlat hokimiyati faoliyatiga oid (78 ta), uy-joy masalalariga oid (42 ta), ichki ishlar organlari masalalariga oid (38ta) murojaatlar tashkil etdi.  

Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar davlat organlari tomonidan qay darajada hal etilayotgani holati yuzasidan 2023 yilning birinchi yarim yilligi davomida Qonunchilik palatasining qo‘mitalari tomonidan davlat organlari rahbarlarining hisobotlari eshitilib borilgan.  

Misol uchun, hisobot davrida Mehnat va ijtimoiy masallar qo‘mitasi tashabbusi bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirliklarining, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligining axborotlari eshitildi.  

Alohida ta’kidlash kerak, Qonunchilik palatasiga kelib tushayotgan murojaatlar har tomonlama chuqur tahlil qilib o‘rganilganda, aholi mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarni, Prezidentimiz boshchiligida barcha sohalarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlayotgani kuzatildi.  

Bundan tashqari, qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir asoslantirilgan takliflar murojaatlarning salmoqli qismini tashkil etmoqda. Hisobot davrida 224 ta shunday taklif kelib tushgan. Qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan yuborilgan takliflari tegishli qo‘mitalar tomonidan ularning o‘zlari ishtirokida muhokama etib borildi. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflar mas’ul qo‘mitalar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilgan va asosli deb topilgan 15 ta taklif qonun ijodkorligi jarayonida inobatga olingan.  

Hisobot davrida saylovchilarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni hal etish, uchrashuvlar davomida aniqlangan muammo hamda kamchiliklarni barataraf etishda parlament nazoratining ta’sirchan shakllaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 52 ta deputat so‘rovlari yuborildi. Aholi tomonidan ko‘tarilgan muayyan masalalar deputat so‘rovlari asosida tegishli mansabdor shaxslarga yuborilishi va ularni ijobiy hal etilishi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.  

Saylovchilar bilan muloqot qilish, ularning murojaatlarini o‘rganish deputatlarning faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etishda davom etadi. Zotan, aynan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan va qabul qilinayotgan qonunlarning natijadorligi hamda samaradorligini ko‘rsatib beradi.  

O‘zA