French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olovlarda yonmagan maktublar
17:38 / 2020-03-19

Razzoq merganning ovi bugun baroridan kelmadi. Kaklik, qirgʻovul va bedana otib kelardi. Bugun negadir omadi chopmadi. Xurjunni yelkalab, qoʻlida chaqmoq miltigʻi bilan uyiga quruq qaytdi.

Gʻalabaning 75 yilligi oldidan

Razzoq merganning ovi bugun baroridan kelmadi. Kaklik, qirgʻovul va bedana otib kelardi. Bugun negadir omadi chopmadi. Xurjunni yelkalab, qoʻlida chaqmoq miltigʻi bilan uyiga quruq qaytdi.

Moʻylovi sabza oʻrgan Abduholiq endigina maktabdan qaytgan edi. Shu orada “Urush. Germon sovetga kirib kelibdi”, degan shum xabar butun qishloqqa tarqaldi. Merganning rangi oqarib, yelkadagi ov xurjuni ham ogʻirlik qilib, gujum darvoza yonida oʻtirib qoldi. Abduholiqning parvoyi palak, hali bu narsalarga aqli yetmas, oʻz oʻy-xayollari bilan band holicha hovliga kirib ketdi...

1942-yilning kuzboshi. Mergan har kungiday vaqtli turdi. Urushga deb yigʻib qoʻygan xaltadagi gʻulin va mayizlarni koʻzdan kechirar ekan, uch kishi bexosdan darvozasini qoqib kelishdi. Mergan bir narsani koʻngli sezgandek oyogʻining madori quridi. Chiqishga ham holi boʻlmay, olacha choponini yelkasiga tashlab, uchlik yoniga chiqdi.

– Otaxon, mana povestka, oʻgʻlingiz Razzoqov Abduholiqqa. Olib ketamiz, – deyishdi. Mergan devorga suyangancha, tarashadek qotib qoldi. Tili aylanmay qoldi. Oʻgʻli urushga boradi. Shu payt Abduholiq ayvondan chiqib, darvoza yonida pichirlashib turganlar yoniga keldi. Otasining rangida qon yoʻq, koʻzlarida halqalangan yosh miltillaydi.

– Ota, nima boʻldi sizga, deb yugura kelib oʻgʻli merganning qoʻltigʻidan oldi.

– Seni olib ketisharmish, – dedi zoʻrgʻa ovozi chiqib.

– Qayerga?

– ...

– Borsang bilasan, – dedi kelganlardan bittasi.

– Shunga shunchami, boramizda kelamiz ota.

– Kiyimlaringni ol! U yerda kerak boʻladi, – dedi haligilar.

Abduholiq hech narsadan bexabar kiyinib chiqdi. Onasi ham, singlisi ham hayron. Mergan ularga lom-lim demadi.

Oʻgʻli esa boyagi soʻrab kelgan uch kishiga ergashib ketdi.

Hamma dard keyin boshlandi. Ona ham soʻray-soʻray oʻgʻli qayerga ketganining xabarini oldi. Bir zumda qishloq toʻs-toʻpolon ichida qoldi. Norgʻul yigitlarni birin-ketin olib ketishayotgan edi.

Qishloqdagi oʻzini eplagan yigitlarning barchasi frontga ketgan edi. Qishga borib qishloq huvillab qolgan, qari chollar qolgan edi, xolos. Razzoq mergan shu-shu ovga ham bormay qoʻydi. Miltigʻini ham nazarlardan xoli joyga yashirib qoʻydi...

Oʻgʻlidan xat keldi. Xatida yozishicha, 1942-yil 19-oktyabrda, Turkmanistonning Kerki shahrida harbiy tayyorgarlik mashqlarini oʻtayotgan ekan. Zaxiradagi 753-chastda. Rasm ham yuboribdi. Egnida harbiy kiyim, boshida “pilotka“, yelkasida harbiy sumkasining tasmasi koʻkragi boʻylab tushib turardi.

Keyin bilsa, oʻgʻli maxfiy topshiriq bilan Turkmanistonga kelgan ekan. Buxoroga ham kelibdi. Sabablari nomaʼlum.

Bu sirlarni urush oʻzi bilan birga olib ketdi. Xat va surat Turkmanistondan yuborilgan edi. Surat esa frontning dastlabki zaxirada joylashgan yeridan yuborilgan...

Qishloqdagi xushchaqchaq chehradan asar ham qolmagan. Ota suratdagi koʻzlarga boqib, qandaydir bir xavotir rangini sezdi. Demak, oʻgʻli urushga borayotganini his qilibdi, deb oʻyladi mergan. Oʻyladi-yu ich-ichidan ezildi.

Ikkinchi xat qish payti – 1943-yilning 1-yanvarida keldi. Xat bilan surat ham bor ekan. Oʻgʻli uch oʻrtogʻi bilan yonma-yon tushgan surat. Ikkovi tik holda, oʻgʻli bilan yana bir askar oʻtirgan holatda tushgan. Suratga qarab ota quvonmadi, aksincha ichida bir olov yondi. Bu olov suratdagi askarlarning chehrasida ham namoyon edi. Oʻgʻlining harbiy kiyimi oʻzgargan, boʻlinma komandiri boʻlsa kerak...

Turkmanistondan frontga qaytayotib, Karmana vokzalida bir soniya toʻxtagan poyezdning derazasidan tanib qolgan hamqishlogʻiga “Otamga ayting, Ukrainaga ketayapmiz”, degan ekan. Bu oʻgʻlining oxirgi aytgan, oʻz ota makonida ayta olgan soʻnggi soʻzi edi.

Shu-shu undan qaytib hech qanday xat yoki boshqa bir xabar kelmadi. Norgʻul yigitdan faqat bir juft front maktubi va ikki dona sargʻaygan surat qoldi.

Razzoq bobo Haqberdiyev ham yetmishni qoralab, oʻgʻlining dardida koʻyib bu olamdan koʻz yumdi.

Ammo urushni eslatib turuvchi xat va surat hali-hanuz 77 yildan beri saqlanib keladi. Xat va suratda muhrlangan xotirani avlodlarga yetkazish uchun uning nevarasi Murtoz Tirkashev bu omonatni koʻz qorachigʻiday asrab keldi. Umrining soʻnggida kenja oʻgʻliga topshirdi. Hozirda Razzoq boboning evarasi Dilkash Tirkashevda urushdan qolgan omonat saqlanib kelinmoqda.

Yaqinda karmanalik Dilkashjonning uyiga borganimizda yillar qatida urushdan xotira boʻlib kelayotgan xat va suratni Navoiy viloyati arxivi xodimlariga topshirdi. Bunday sodiqlik har kimda ham boʻlavermaydi.

Urushlar unutilar, yaralar bitar. Ammo xotiralar ularning olovlarda-da yonmagan, suvlarda-da choʻkmagan maktublari va suratlari qalblarda mangu yashab kelaveradi.

Shoyim ShERNAZAR,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.