English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olotlik g‘allakorlar zafar quchdi
11:09 / 2024-06-22

Olot tumani g‘allakorlari Buxoro viloyatida birinchi bo‘lib shartnoma rejasini bajardi.

Shu munosabat bilan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov olotlik g‘allakorlarni ulkan mehnat g‘alabasi bilan samimiy qutladi.  

Olotda g‘alla yetishtirish salmog‘i yil sayin oshmoqda. Jumladan, o‘tgan yili hududda bevosita g‘allachilik tarmog‘ida band bo‘lgan 201 ta fermer xo‘jaligi va ular bilan hosil yetishtirishga doir shartnoma tuzgan “Olot cotton cluster” ta’minotchi agroklasteri tomonidan 5 006 gektar maydonda boshoqli don parvarishlangan va buning natijasida bulturgi mavsumda davlatga 12 ming 335 tonna g‘alla sotishga erishilgan.  

Joriy yilgi o‘rim-yig‘im davrida esa 206 ta fermer xo‘jaligi tomonidan hududdagi 5369 gektar maydonda kuzgi boshoqli don ekib parvarishlangan bo‘lsa, shu kecha-kunduzda uyushqoqlik bilan olib borilayotgan o‘rim-yig‘im davrida belgilangan 13096 tonna o‘rniga 13230 tonnaga yetkazib bug‘doy xirmoni barpo qilindi.

Tumandagi “Hamdam polvon”, “Himmat”, “Shukrullo O‘rinov”, “Said Chori saxovati”, ”Ziyodullo Lutfullo zamini”, “O‘ktam Avez” kabi fermer xo‘jaliklarida har gektardan olingan hosildorlik 90 sentnerdan yuqori bo‘ldi. Shuningdek, Qirlishon hududidagi “Said Chori saxovati”, Sharq yulduzi hududidagi “Bozor Jabbiyev”, Paxtakor hududidagi “Norboyjon Ergashev”, Guliston hududidagi “Sohibjon Rahimov”, “G‘affor Haydar” kabi fermer xo‘jaliklari peshqadamlar safida bo‘ldi.  

O‘tgan yillardagi tajribadan kelib chiqqan holda bu yil ham dolzarb pallada g‘allazorlarda 22 ta kombayn va o‘rim otryadlari kuchidan unumli foydalanilmoqda. Kunlik o‘rib olinayotgan bug‘doyni qabul maskaniga tashish uchun 90 taga yaqin yuk avtomashinasi biriktirilgan.  

Bu sa’y-harakatlardan maqsad bu yilgi mavsumda tumanda yalpi g‘alla xirmonini 33 ming tonnaga yetkazishdir.  

Zarif Komilov,

O‘zA muxbiri