Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olotda yirik quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda
16:15 / 2024-07-09

Prezidentimizning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida qurilishiga start berilgan yana bir yirik loyiha Olot tumani markazidan 24 kilometr olisda 700 gektar cho‘l hududida qad rostlamoqda. Bu yerda Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 250 MVt bo‘lgan “Nur-Buxoro” quyosh fotoelektr stansiyasi va 63 MVt quvvatli energiya sig‘imiga ega batareya ombori qurilishi ishlari boshlab yuborilgan.

– Mazkur loyihani amalga oshirish borasidagi kelishuvdan so‘ng, kompaniyamiz mutaxassislari bu yerga kelib, o‘rganish va amaliy ishlarni boshlab yuborgan edi, –deydi loyiha menejeri Bxaskar Reddi. – Shaxsan davlatingiz rahbari tomonidan loyihaga start berilishi katta voqelik bo‘ldi. Quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish borasida dunyoda yetakchi hisoblangan kompaniyamizning yurtingizdagi dastlabki loyihasi emas. Bugun O‘zbekiston rahbari yashil energiya resurslarini yaratishga katta qiziqish bildirib, kompaniyamizga ishonch bildirayotgani bizni quvontiradi. Mazkur loyihaning qurilishi bir yilga mo‘ljallangan. Shuningdek, loyiha davomida mahalliy kadrlarning malaka va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv kurslarini ham tashkil etish rejamiz bor.  

– Bizga ajratilgan elektr energiyaning 85 foizi nasos stansiyalarga ketardi, – deydi Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova. – Hozir mana shu quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushsa, nasos stansiyalari to‘xtamasdan ishlaydi. Bundan tashqari, aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashda muammo bo‘lmaydi. Zaxirada ham 63 MVt doimiy elektr energiya bo‘ladi.  

Iste’molchilarning energiya ta’minoti barqarorligini oshirish, elektr ishlab chiqarish samaradorligiga erishish kabi maqsadlarni o‘zida mujassam etgan loyiha tuman ehtiyojining 70 foizdan ortiq qismini qoplash imkonini beradi.  

Viloyatning olis hududi Olotda ham keyingi yillarda sanoat, ishlab chiqarish hajmining ortib borayotgani, qolaversa, Buxoro va Navoiy viloyatlarini suv bilan ta’minlovchi yirik nasos stansiyalarining hududda joylashganini inobatga olsak, bu yo‘nalishda ham uning ahamiyati naqadar muhimligini anglash mumkin.  

“Nur-Buxoro” stansiyasi ushbu xorij kompaniyasining yurtimizdagi muqobil energiya ishlab chiqaruvchi to‘rtinchi yirik majmuasidir. Uning ishga tushirilishi vohaning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishga xizmat qilishi barobarida, hudud aholisi uchun yuqori daromadli minglab yangi ish o‘rinlarini ham yaratishga asos bo‘ladi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.