Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olotda yangi quduq ochildi
17:17 / 2023-12-21

Buxoro viloyati Olot tumani hududida joylashgan, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Tegirmon” gazkondensat konidagi 7-sonli qidiruv qudug‘i 2428 metr chuqurlikda burg‘ilandi.

O‘tkazilgan sinash ishlari natijasida yuqori Yura davri karbonat yotqiziqlarining mahsuldor qatlamidan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olishga erishilgan. Hisob-kitobga ko‘ra, quduqning boshlang‘ich kunlik debiti 500 ming kub metrni tashkil etmoqda. 

Hozirgi vaqtda ushbu quduqning mahsuldor qatlami bosimi, harorati va kon-geologik parametrlarini aniqlash hamda uning sanoat miqyosida ishlab chiqarish quvvatlarini baholash maqsadida geologik-tadqiqot ishlari davom etmoqda. 

Ma’lumot uchun, Buxoro viloyati cho‘l mintaqasida olib borilgan izlov-qidiruv va burg‘ilash ishlari natijasida 2022 yil oktyabr oyida sanoat miqyosida tabiiy gaz va gaz kondensati oqimi olingan “Yangi Olot” konini o‘zlashtirish maqsadida uzunligi 11,2 kilometr bo‘lgan gaz quvuri qurib ishga tushirilgan edi. Mazkur kondagi quduqlardan qazib chiqariladigan tabiiy gazni uzatish maqsadida “Yangi Olot” konidan “G‘arbiy Tegirmon” konigacha 11,2 kilometr uzunlikda diametri 168 millimetrli gaz uzatish quvuri o‘rnatilgan. 

Qorako‘l tumani cho‘l massivida joylashgan mazkur “Yangi Olot” gaz konida yangi burg‘ilashdan chiqayotgan quduqlar gazini kompleks tayyorlash qurilmalariga va qayta ishlash uchun Muborak zavodiga uzatish imkoniyati yaratildi. Kondan tabiiy gaz va gaz kondensat xom ashyosi qazib chiqarilishi yo‘lga quyilmoqda. 

Uglevodorod zaxiralarini o‘stirish dasturi doirasida Olot tumanida “Moyquduq” gaz koni ham ishga tushirilgan. Bu “Olot neft va gaz qidiruv ekspluatatsiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasining so‘nggi bir yilda erishgan samarali mehnati natijasidir. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.