Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida Buxoro viloyati bo‘ylab ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, muloqotlar, madaniy tadbirlar davom etmoqda.
Bayram munosabati bilan Buxoro tumanidan bir guruh nuroniylar hamda yoshlar vakillari Olot tumanida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan yangilanish va bunyodkorliklar bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv avvalida mehmonlar Xalifa jome masjidini ziyorat qilib, Qur’on tilovatlari, xayrli tilaklar bilan duoga qo‘l ochildi.

Buxoro tumani vakillari tuman nuroniylari madaniyat maskanida “Milliy qadriyatlar buvijonlar talqinida” hamda “Kitobxonlik oiladan boshlanadi” loyihalarida ishtirok etdi. Avlodlar davomiyligi va qadriyatlar barqarorligi borasida fikr almashdi.

Tuman madaniyat markazida esa ikki hudud nuroniylari va navqiron yoshlar ishtirokida “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” loyihasi doirasida “Keksalar hayoti biz uchun ibrat” mavzusidagi samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida yoshlarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tarbiyasi og‘ir bo‘lgan yoshlar bilan yakka tartibda ishlash, ishsiz yigit-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ayniqsa, uch avlod vakillari bir davrada choy ustida suhbat qurishi, mazkur anjuman har bir ishtirokchi qalbida iliq taassurot qoldirdi. “Shirin bobo” tantanalar saroyida bo‘lib o‘tgan suhbatda keksalar o‘z hayot yo‘li, boshdan kechirgan davr sharoitlari, mehnat va hayot saboqlari haqida so‘zlab, Yangi O‘zbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlar, har jabhadagi o‘zgarish va yangilanishlar, bu imkoniyat va imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanish zarurligini ta’kidlandi.

Tadbir davomida tuman madaniyat bo‘limi badiiy jamoasining kuy-qo‘shiqlari, sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.