Xalq deputatlari Buxoro viloyati Olot tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimi Nargiza Ne’matova tumanni 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari, 2022 yilgi rejalari yuzasidan aholiga murojaat qildi.
Nargiza Ne’matovaning ta’kidlashicha, qo‘llanilgan imtiyozlar natijasida tumanda joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 446,1 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari, 363,2 milliard so‘mlik qurilish-pudrat ishlari, 379,6 milliard so‘mlik xizmatlar bajarilgan. Yil yakuniga qadar investitsiya loyihalarini ishga tushirish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash natijasida 519,2 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari, 2127,7 milliard so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, 412,8 milliard so‘mlik qurilish-pudrat ishlari, 520,1 milliard so‘mlik xizmatlar amalga oshirilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida tuman mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalariga jami 570,2 million so‘m, «Obod qishloq» jamg‘armasiga 500 million so‘m, madaniy-ma’rifiy tadbirlar uchun 40,8 million so‘m, mahalla fuqarolar yig‘inlarida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun qariyb 60 million so‘m, tumandagi xo‘jaliklararo kanallarda ta’mirlash ishlarini olib borish uchun 84 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
[gallery-5102]
Bundan tashqari, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan tuman mahalliy byudjetiga 5 milliard 700 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘lar asosan tuman aholisini qiynab kelayotgan ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarida mavjud muammolarni bartaraf etish, kam ta’minlangan aholi xonadonlarini ta’mirlashga sarflangan.
Prezidentimizning 2021 yil 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilangan topshiriqlarga asosan Olot tumanini rivojlantirish bo‘yicha markaziy muassasalar, vazirliklar, idoralar va viloyat hokimligi tomonidan 8 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 1 ta maktab, 1 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 2 ta madaniyat ob’ekti va 3 ta sport ob’ektlari yangidan qurildi.
Tumanda joriy yilda 300 xonadonga mo‘ljallangan 10 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilib foydalanishga topshirilgan. 2022 yilda 1 ming 300 nafar fuqaroni ishga joylashtirish, 235 nafar fuqarolarni turli kasblarga o‘qitish, 258 nafar ishsiz fuqarolarga ishsizlik nafaqasi tayinlash, 509 nafar ishsiz fuqarolarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish, 484 nafar ishsiz fuqarolarga subsidiyalar ajratish bo‘yicha dastlabki chora-tadbirlar belgilangan. Shuningdek, 280 ta norasmiy ish o‘rinlarini rasmiylashtirish belgilangan.
Yig‘ilishda sessiya kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA