Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olot tajribasi: ishlar tig‘iz, fursat g‘animat
10:30 / 2021-07-06

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yoshlar va talabalar forumida yoshlarga beriladigan imtiyozli kreditlar haqida so‘z yuritib, lizing asosida 50 mingdan ziyod yengil konstruksiyali zamonaviy avtoservis, maishiy xizmat, chakana savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etilishini alohida ta’kidladi.

Bunda hokimlar va sektor rahbarlari Kasaba uyushmasi va Buxoro viloyati hokimligi boshlagan Olot tajribasini o‘z hududida yo‘lga qo‘yishlari kerakligi qayt etildi.

Xo‘sh, Olot tajribasi nima va u qanday amalga oshirilmoqda?

O‘zA muxbiri mazkur tashabbus va uning aholi bandligini ta’minlashdagi ahamiyatini o‘rganish maqsadida Buxoro viloyati Olot tumani hokimi Nargiza Nematova bilan suhbatlashdi.  

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida joriy yilning 21-22 yanvar kunlari viloyatimizga tashrif buyurgan edi, – deydi Nargiza Nematova. – Tashrifning ilk manzili Olot tumani bo‘ldi. Prezidentimiz bir guruh faollar bilan uchrashib, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ishlarni izchillik bilan davom ettirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Viloyat hokimi Botir Zaripov Prezidentga tumanga ko‘chma maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari (konteynerlar)ni berish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Davlat rahbari aholiga shoxobchalar (konteynerlar)ning narxlari qimmatligini, buni oddiy aholi sotib ololmasligi bo‘yicha e’tirozini bildirdi. Konteynerlarni kamida 30 foizga arzonlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shundan kelib chiqib, shoxobchalar kredit asosida 3 yil muddatga 6 oylik imtiyoz bilan beriladigan bo‘ldi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Olot tumanidagi 38 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga 76 dona konteyner ajratildi, talabgorlar aniqlanib mahallalarga o‘rnatildi.

Natijada 1 ta go‘zallik saloni, 1 ta komp’yuter xizmatlari, 1 ta avtomobil ehtiyot qismlari sotish, 1 ta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta veterinariya dorixonasi, 1 ta gul, 2 ta go‘sht, 2 ta milliy shirinliklar, 13 ta oziq-ovqat va nooziq-ovqat sotish, 5 ta nonvoyxona, 6 ta sartaroshxona, 20 ta savdo shoxobchasi, 7 ta tikuvchilik sexi, 8 ta umumiy ovqatlanish, 4 ta xo‘jalik mollari sotish do‘konlari va 3 ta boshqa xizmatlar uchun jami 76 ta konteynerlar fuqarolarga foydalanish uchun topshirildi.  

Ko‘chma maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining qulayligi, ularning aholiga imtiyozli kredit evaziga berilgani va mahalla markazida, kishilar gavjum joylarda o‘rnatilganligidadir. Shuningdek, mazkur shoxobchalar uchun 5 yillik ruxsatnomalar taqdim qilindi. Shoxobchalarning ko‘chirish imkoniyati mavjudligi va arzonligi ham alohida e’tiborga molik.  

Ayni kunda tumanda o‘rnatilgan jami 76 ta konteynerlarda 86 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ularda 21 nafar yoshlar, 39 nafar ayollar, 16 nafar  boshqa toifadagi ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangan.  

–Prezident tashabbusi bilan menga ko‘chma maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi (konteyner) bepul o‘rnatib berildi, – deydi tumanning Bayod MFY Xumo qishlog‘ida yashovchi “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi Guloyim Nurillayeva. – Shaharga borib hunar o‘rganib kelgandim. Ayni kunda shoxobchadan foydalangan holda “Go‘zallik saloni” ochdim. Salonda shogirdlar ham tayyorlashni yo‘lga qo‘ydim. Mahallamizdagi yosh qizlarga hunarimni o‘rgatayapman. Shuningdek, qishlog‘imiz xotin-qizlariga hunarim orqali go‘zallik ato etayapman. Juda ham xursandman. Mendek yosh qizga davlat tomonidan berilgan e’tiborga javoban chekka hududda mana shu xizmat turini yanada rivojlantirish – asosiy maqsadimdir.

– Homiylar ko‘magida menga ko‘chma maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi (konteyner) berildi, – deydi 2 nafar farzandning onasi Shahlo To‘xtamisheva. – Uyim-joyim yo‘q, lekin non va non mahsulotlarini pishirishni bilaman. Tuman hokimi tomonidan menga shoxobchada non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha taklif berildi. Uyda o‘tirardim. Taklifni inobatga olib, ishni boshladim. Tuman hokimligi tomonidan berilgan ko‘mak natijasida sexni ishga tushirdim. Bir kunda 150-200 ta non pishirib sotayapman. Hududimizda to‘y-marakalar bo‘lsa 600-700 dona nonga buyurtma bo‘lmoqda. Ayni kunda 4 ta ish o‘rni yaratdim. Ishlovchilarga 900 mingdan 1 million 200 ming so‘mgacha maosh to‘layapman. Farzandlarimning ikkisi ham hududimizdagi zamonaviy bog‘chaga qatnaydi. Turmush o‘rtog‘im bilan topganimizni yig‘ib, uy-joy sotib olishga harakat qilayapmiz. Agar inson harakat qilsa, albatta natijaga erisharkan.

Suhbatni Zarif Komilov yozib oldi.  

Tohir Istatov (surat), O‘zA