Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, endilikda ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uy-joy mulkdorlari shirkati yoki boshqaruv servis kompaniyalarini tanlash huquqiga ega. Bu raqobat har ikkala tizimning qay biri afzalligi, odamlar ishonchini oqlay olishi borasida aholining mustaqil tanlovini yuzaga keltirmoqda.
Ammo bu borada hali qilinishi kerak bo‘lgan ko‘p ishlar bor. Bu tizim yaqinda joriy etilgani bois, bir qator muammolar yuzaga kelyapti. Shunday muammolar bilan Toshkent shahar Olmazor va Chilonzor tumani fuqarolari murojaat qildi.
Murojaat bo‘yicha dastlab, Olmazor tumani Xislat mahallasi aholisi bilan suhbatlashdik. O‘rganish jarayonida issiqlik tizimida muammolar borligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga murojaat qildik.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Habibulla Mirsoatov Olmazor tumani Xislat mahallasi aholisidan kelib tushgan murojaatni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.
Murojaatga ko‘ra, xonadonlarda issiqlik ta’minoti yetarli emas. Mazkur uylarga xizmat ko‘rsatuvchi “We will work” boshqaruv servis kompaniyasi mas’ullari hamrohligida qozonxonaning gaz bosimi ko‘rilganda bosimning yetarli darajada emasligi aniqlandi.
Mazkur boshqaruv servis kompaniyasi faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, boshqaruvida bo‘lgan 22 ta ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismlarini to‘liq ta’mirlagan. Hozirda xonadonlardagi ichki tarmoqlarni almashtirish yuzasidan aholiga tushuntirishlar olib borilmoqda. Shuningdek, kompaniya uylarning tom qismlarini joriy yil to‘liq ta’mirlashni rejalashtirgan. Mazkur ishlar uchun kompaniya tomonidan 700 million so‘m investitsiya mablag‘lari ajratilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2AOE9ZqaZqU" title="CHILONZOR" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva hamda boshqa mutasaddilar aholi murojaatlariga asosan poytaxtimizning Chilonzor tumani 20-mavzesi 27-son ko‘p kvartirali uyda bo‘ldi. Xususan, aholi bilan suhbatda mavjud kamchiliklarni keltirib chiqarayotgan sabablar muhokama qilindi.
Aniqlanishicha, “Max Qur lider” BSK tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan mazkur uyning debitor qarzdorligi 64 million so‘mni tashkil etadi. Shu bois mulkdorlarga to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash lozimligi, shundagina kompaniyada uydagi muammolarni bartaraf etish imkoniyati bo‘lishi ta’kidlandi.
– Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Birgina kirish yo‘laklarida chiroq yonib turishi uchun ham aholi o‘z vaqtida pul to‘lashi kerak, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva. – Bir oylik internet to‘lovi uchun 200 ming so‘mga yaqin pul to‘laymiz, butun boshli uyning texnik holatini saqlash uchun esa 50 ming so‘m to‘lashni ep ko‘rmayapmiz. Bu uy sizning xususiy mulkingiz, uni asrab-avaylash uchun hamma jon kuydirishi kerak. Aholining kommunal madaniyati shakllanmasa, hamma birdek daxldorlik tuyg‘usini his qilmasa, ushbu muammolar boshqa boshqaruv tashkiloti bilan davom etaveradi.
Ma’lum bo‘lishicha, yillar mobaynida fuqarolar shirkatlarga pul to‘lagan, ammo shirkatlar deyarli xizmat ko‘rsatmagan. Fuqarolar kommunal muammolarini o‘zlari hal qilishgan. 8 oy oldin shu hududga “Max Qur lider” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyatini boshlagan. Ammo bu boshqaruv servis kompaniyasi ham yuqoridagi shirkatlar kabi xalqqa xizmat ko‘rsatmagan. Natijada odamlar pul to‘lamagan va qarzdorlik ko‘paygan.
Shuningdek, aholiga amaldagi kompaniya faoliyati qoniqtirmasa, boshqa boshqaruv tashkilotiga o‘tish yoxud boshqaruvni o‘z vakillariga berish taklifi ilgari surildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari fuqarolarga mavjud debitor qarzlar to‘lansa, kommunal tizimdagi muammolar bartaraf etilishini nazoratga olishni ma’lum qildi. Fuqarolar bu to‘lovlarni to‘lashini bildirishdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA