"Sizning boshqaruv kompaniyangiz qanday ishlayapti?"
Mamlakatimizda har yili kuz-qish mavsumiga alohida tayyorgarlik ko‘riladi. O‘tgan yili Vazirlar Mahkamasining "Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022-2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori doirasida bu borada talay ishlar olib borildi. Ammo qish mavsumida ob-havo haroratining o‘ta pasayib ketishi yetmagandek, joylarda energetika va gaz, issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq muammolar aholini ikki hissa qiynadi. Ayrim hududlarda eski quvurlardan foydalanib kelinayotgani bois yorilib ketdi. Texnik xodimlar qahraton sovuqda suv kechib, nosozlikni bartaraf etishga majbur bo‘ldi. Aholi xonadoni isimayotganidan shikoyat qilganida, hokimliklar vaziyatni qozonxonalarda gaz bosimi tushib ketgani bilan izohladi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan yilgi anomal sovuq kuz-qish mavsumiga risoladagidek tayyorgarlik ko‘rilmaganini fosh etib qo‘ydi. Ushbu kamchiliklarni hisobga olib, bu yil Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari avvalroq harakatni boshladi. Ayni paytda vazirlik ko‘p kvartirali uylarga biriktirilgan boshqaruv kompaniyalari faoliyatini nazorat qilish bilan bir qatorda, issiqlik ta’minoti ob’ektlari va uskunalari, ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlari va uskunalari, gaz ta’minoti ob’ektlari va qurilmalari, elektr tarmoqlari va qurilmalarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bilan bog‘liq olib borilayotgan ishlarga bosh-qosh bo‘lmoqda.
Biz ushbu ezgu ishlarni yoritish va aholi murojaatlari yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida "Sizning boshqaruv kompaniyangiz qanday ishlayapti?" nomli loyihani tashkil etdik.
Loyihamizning ilk manzili — Olmazor tumani bo‘ldi. O‘zAning tasvirga olish guruhi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari bilan tumanning “Shifokorlar”, “Jiydali”, “Xislat” kabi uchta mahallasidagi olib borilayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Ishni birinchi bo‘lib, “Shifokorlar” mahallasidan boshladik. U yerda bizni ko‘p kvartirali uylarni boshqarish kompaniyasi — “OlmazorHoldingGrand” direktori Asror Arslonxo‘jayev kutib oldi. “OlmazorHoldingGrand” kompaniyasi bugungi kunda 7 ta mahallani qamragan holda boshqarib kelmoqda.
“Shifokorlar” mahallasida yo‘laklarning tozaligi, obodligi bizda iliq taassurot uyg‘otdi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, boshqarma boshlig‘i Obidjon Mo‘minov yil boshida ushbu mahallada kommunal sohaga oid aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha akt tuzilgani, ayni damda ularni bartaraf etish ishlari olib borilayotganini aytdi. Keyin yerto‘lada ishlayotgan ishchilarni kuzatib, ularning namda shippak emas, maxsus etiklarni kiyib ishlashi lozimligini eslatib o‘tdi. Yerto‘lada yillar davomida foydalanib kelingan va nosoz holatga kelib qolgan quvurlarni yangisiga almashtirish ishlari olib borilayotgan ekan. Tushunishimizcha, agar barcha yerto‘lalardagi eski quvurlar mana shu tartibda yangi plastmassa quvurlarga almashtirilsa, ko‘p xonadonli kvartiralar issiqlik ta’minotida muammo yuzaga kelmaydi. Buning uchun aholi o‘z roziligi bilan boshqaruv kompaniyalariga a’zo bo‘lishi va ular faoliyati nimadan iboratligi, xizmatidan qay darajada manfaatdorliklariga oid ma’lumotlarga ega bo‘lishlari lozim.
Batafsil videoda:
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekistonda 36,6 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylarda 1,3 million xonadon mavjud. Shundan 52 foizi (826 ming xonadon) issiqlik ta’minotiga ulangan bo‘lsa, 48 foizi yoki 474 ming xonadon markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanmagan. Ya’ni, ushbu xonadonlar qo‘lbola pechlar, elektr isitish vositalari yordamida loyihasiz isitiladi. Bu haqda 2022 yil, 19 oktyabr kuni Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilgan edi. Vazir o‘shanda 20 ta issiqlik korxonasiga tegishli 578 ta qozonxonaning 80 foizi eskirgani, 4 ming kilometrlik quvurlarning 75 foizi – 3 ming kilometri ham allaqachon ta’mirtalab holga kelganini ta’kidlagan edi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Vxc4vkT4TOc" title="Olmazor tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qanday olib borilmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Markazlashgan isitish tizimlari esa hozirgi paytda O‘zbekistonning faqat Navoiy va Zarafshon shaharlari (97 %), Toshkent shahri (89 %), Buxoro shahri (60 %), Toshkent viloyati (32 %) kabi 5 ta hududigina ta’minlangan, xolos.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 22 dekabrida bo‘lib o‘tgan majlisida sobiq Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 2022 yilda ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari uchun mahalliy byudjetdan 770 milliard so‘m mablag‘ ajratilganini ma’lum qilgan edi. Biroq, o‘tgan yilgi qish mavsumida energetika va issiqlik ta’minotida yuzaga kelgan kamchiliklar tufayli sharoit 2020-2021 yildagidanda og‘irroq bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz.
"Ajratilgan shuncha mablag‘ qayerga ketmoqda? Ushbu mablag‘larning nechog‘lik maqsadli sarflanayotganini qaysidir tashkilot jiddiy nazorat qilyaptimi? Nega bu jarayonlar o‘z vaqtida ommaga ochiq ko‘rsatilmayapti?" degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy.
Taklifimiz, kommunal sohani yaxshilash uchun ajratiladigan byudjet mablag‘lari va ularning sarflanishi jarayonlari ham raqamlashtirilishi kerak. Ana shunda aholining “Biz nima uchun kommunal sohaga pul to‘lab kelyapmiz, nega muammolarimiz hal bo‘lmayapti”, degan e’tirozlari kamayadi.
Bu yil ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlariga yanada ko‘proq mablag‘ yo‘naltirilishi, xususan, mahalliy byudjetlardan jami 862 milliard so‘m ajratilishi aytilgan.
Shuningdek, maktablar va bog‘chalardagi qozonxonalarni ta’mirlash yoki almashtirish uchun esa joriy yilda 50 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilishi, ko‘mir birinchi navbatda ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazilishi kerakligi rejalashtirilgan.
Mazkur rejalar natijasiga esa bu yilgi qishda guvoh bo‘lamiz.
M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA