Oxirgi paytlarda fuqarolar tomonidan oila qurgach, turli bahona va sabablar bilan o‘z jufti halolini yashash xonadoniga ro‘yxatga qo‘ymaslik holatlari uchramoqda.
Fuqarolar turmush qurish bo‘sag‘asida yaxshi niyatlar qilish, uzoq kelajakni ko‘zlash o‘rniga avvaldan bu tariqa “puxta” rejalarni tuzishi esa aytish joizki, insoniylikning hech bir normalariga to‘ri kelmaydi.
Zotan, adolatsizlik va ishonchsizlik bilan oila poydevorini mustahkam qurib bo‘ladimi?
Olmazor tumaniga kelin bo‘lib tushgan, ammo yashash xonadoniga ro‘yxatga kiritilmagan ayolning huquqini tiklashda qonun ustuvorligi ta’minlandi.
Qayd etilishicha, 30 may kuni MIBning Olmazor tuman bo‘lim ish yurituviga A.Mo‘minovani voyaga yetmagan farzandi bilan shu tumanning Umid ko‘chasida joylashgan to‘rtinchi sonli uyga yashash uchun kiritish to‘g‘risidagi sud qarori kelib tushgan.
19 iyun kuni sud qarorining ijrosiga kirishilib, davlat ijrochisi D.I.Saydahmedova tomonidan undiruvchi A.Mo‘minova hamda uning voyaga yetmagan farzandi yuqorida aytilgan manzilga yashash uchun kiritilgan va ayolga yashash xonadonining kaliti topshirilgan.
M.Eshmirzayeva,
O‘zA