Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olmaxonlarni asrash – tabiatga g‘amxo‘rlik qilishdir
14:42 / 2023-04-28

Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar boshqarmasiga  «Mehr va Oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyatidan murojaat kelib tushdi.

Unda TTZ dahasidagi kafelardan birida noqonuniy ravishda olmaxon qafasda asralishi xabar qilingan. 

Davlat inspektorlari voqea joyiga borib, olmaxonni qafasdan ozod qilishdi va  Mirzo Ulug‘bek tumani Ekologiya va atrof muhit  bo‘limi hududiga qo‘yib yuborishdi. 

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati  yovvoyi hayvonlar, jumladan olmaxonlarni ham tutqunlikda saqlash  qonun bilan  tartibga solinishini ogohlantiradi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda sayyoramizda  olmaxonlarning 280 dan ortiq turi  bor. Bu sutemizuvchilar  Antarktidadan tashqari hamma joyda yashashadi, shu bois, ularni har yerda uchratish mumkin. bugungi kunda barcha olmaxonlar Rodentia (kemiruvchilar) turkumiga mansub Sciuridae deb nomlangan taksonomik oilaga birlashtirilgan.  

Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, olmaxonlarning yo‘qolib ketishi xavf ostida bo‘lgan turlari ko‘p bo‘lib, ular Qizil kitobga kiritilgan. 

Olimlarning aniqlashicha, olmaxonlarning  og‘zi old qismida  to‘rtta tishi bo‘lib, bu tishlar ularning butun umri davomida o‘sadi va  yong‘oq, turli  ozuqalarni kemirganda ham  yemirilmaydi. Ularning kichik tanasi  va yumshoq panjalari olmaxonlarga 6, ba’zan 10-15 metrgacha sakrashga yordam beradi. Jonivor boshini o‘girmay, atrof muhitning  kattagina qismini ko‘ra oladi, buning sababi ko‘zlarining o‘ziga xos joylashuvidandir. Olmaxonlar g‘aroyib  chopqirlardir – ular soatiga 32 km  tezlikda harakatlana olishadi. 

Mutaxassislarning fikricha,  bu mayda kemiruvchilar  ajoyib bog‘bonlar hamdir.  Ular dub daraxti mevalarini  qayerga ko‘mib qo‘yganlarini “esdan chiqazishadi” va unutilgan mevalar unib chiqib, ulkan eman daraxtlariga  aylanadi. 

Olmaxonlar –qiziquvchan, chaqqon, toza va chiroyli jonivorlardir. Ularni poytaxtimizning   dam olish bog‘lari, Botanika bog‘i hududlarida uchratish mumkin.  Afsuski,  so‘nggi paytlarda  ular kamayib bormoqda, vaholanki, ularni asrash har birimizning burchimizdir. Biz bu bilan  daraxtlar, ulkamizning yashil “o‘pkalari”ni,  tabiatimiz go‘zalligini asragan bo‘lamiz.

N. Usmonova tayyorladi, O‘zA.