Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘lmas Umarbekov: “Zamondoshlar xotirasida”
10:28 / 2025-11-08

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “O‘lmas Umarbekov. Zamondoshlar xotirasida” nomli kitob nashrdan chiqdi.

Adabiyotdan xabardor o‘quvchi O‘zbekiston xalq yozuvchisi, atoqli yozuvchi, davlat va jamoat arbobi O‘lmas Umarbekovning ijodi, shaxsiyati, milliy adabiyotimzda tutgan o‘rni haqida yaxshi biladi.

Kitobni qo‘lga olarkansiz, ilk sahifalaridanoq bu kitob odatdagi “xotira” kitoblardan keskin farq qilishini his qilasiz.

Kitob ikki qismdan iborat. Birinchi qismga kuzatishlar, o‘ylar, maqolalar kiritilgan, ikkinchi qismdan esa qissa va esselar joy olgan. 

Xotiralar O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Yo‘qlov”i bilan boshlanadi:

Chehrangda tabassum balqirdi doim,

Ko‘ngil bog‘ing edi chechakli, gulli.

Arshi a’loga ham sendek muloyim,

Xushsurat bandalar darkor, shekilli.

 

Har zumda o‘limni kutib yashamoq

Uning o‘zidan ham dahshatliroq his.

Senga shunday yurak bermishdir Xalloq,

Boqding ajalning ham ko‘ziga munis...

“Men O‘lmas Umarbekov ijodi diqqat qilsa arzirli deb o‘ylayman. O‘lmas asarlaridagi mavzu muhimligi, aktuallik va chuqur zamonaviylik menga yoqadi” degan iqrorni o‘qiysiz atoqli shoir G‘afur G‘ulomning “Talant va mahorat maqolasidan. 

Adabiyotshunos, professor Laziz Qayumovning: “O‘lmas lirik kayfiyatli adib, ammo uning she’r yozganini bilmayman. Hikoyalari hayajonga to‘liq bo‘lgani uchun ham uni shoir deyish mumkin” degan e’tirofi, atoqli adib Asqad Muxtorning O‘lmas Umarbekovning “Bo‘ribosar” hikoyasiga bergan bahisi: “Inson va tabiat mavzuidagi katta da’vosiz yaxshi hikoya. Bola va ota-onalar munosabatiga ham yaxshi hislar tilovchi asar” ... va ko‘pdan-ko‘p dil so‘zlar, xotiralar, adib ijodiga berilgan baholarni o‘qirkansiz, O‘lmas Umarbekov asarlarini topib o‘qish ishtiyoqi yana qalbingizga o‘t qalaydi. 

Ozod Sharofuddinov, Hafiz Abdusamatov, Odil Yoqubov, Nosir Fozilov, Tohir Malik, Aziz Qayumov, Umarali Normatov, Abdug‘ofur Rasulov kabi taniqli olim, adabiyotshunos, adiblarning xotiralari, O‘zbekiston  xalq yozuvchisi Said Ahmadning “Kiprikda qolgan tong” qissasidan parcha, xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning “Binafsha hidlang, amaki” hikoyasi, Erkin Samandar, Omon Muxtor, Mamatqul Hazratqulovlarning O‘lmas Umarbekovga bag‘ishlagan esselari – hamma-hammasi samimiy, beg‘araz va chin dildan chiqqan e’tiroflardir.

Adibning turmush o‘rtog‘i Zuhra Umarbekovaning “O‘lmas aka hayotining so‘nggi kunlari” nomli xotiralari ko‘ngilga muhrlanib qoladi.

Yozganlari yurakka hamohang so‘z zargari , O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekov haqidagi xotiralar kitobini, albatta, o‘qing...

A.Narzulloyev, O‘zA