Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘lmas Umarbekov – adib, ssenariynavis, dramaturg
16:40 / 2024-01-25

O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekovning asarlari hayotiyligi, ularda inson ruhiyati teran ochib berilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘lmas Umarbekov 1934 yil 25 yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 

O‘rta Osiyo universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tugatgan. 

Yozuvchi, ssenariynavis, dramaturg, tarjimon sifatida nom qozongan ijodkor bir necha yillar davomida O‘zbekiston televideniyesi va radioeshittirishlar davlat qo‘mitasi, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida samarali faoliyat ko‘rsatgan. 

Adibning ilk kitobi “Hikoyalar” nomi bilan 1958 yilda chop etilgan. Keyinroq “Xatingni kutaman”, “Yurak so‘zlari” (1960), “Boboyong‘oq” (1961), “Yulduzlar”, “Menga ishonmaysanmi?" (1962), “Hayot abadiy” (1964), “Charos” (1966), “Ko‘prik” (1968), “Bolgar qo‘shiqlari”, “Oltin yaproqlar” (1972), “Qiyomat qarz” (1976, shu hikoya asosida sahna asari ham bor), “Yer yonganda” (1993) kabi hikoya to‘plamlari nashr etilgan. 

O‘lmas Umarbekov “Odam bo‘lish qiyin” (1970), “Fotima va Zuhra” (1994) romanlari hamda “Sevgilim – sevgilim” (1963), “Kimning tashvishi yo‘q” (1965), “Urush farzandi” (1972), “Yoz yomg‘iri” (1973), “Oq qaldirg‘och” (1974) singari qissalar muallifi edi. 

Ijodkor qator dramalar ham yozgan. “Oqar suvlar”, “Tuhmat”, “Oqsoqol”, “O‘zing uchun o‘l, yetim” va boshqalar shular jumlasidandir. Uning “Qizimga maktublar” (“Mangu hayot bo‘sag‘asida”) deb nomlangan publitsistik asari ham adabiyot muxlislariga yaxshi tanish. O‘lmas Umarbekov ssenariysi asosida bir qator kinofilmlar suratga olingan.

N.Usmonova tayyorladi, O‘zA