French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘lmas Temur: “Teatr qimmat, chunki u tirik!” (+video)
17:42 / 2026-02-13

Teatr – bu shunchaki sahna emas. Bu millatning o‘zini anglash maydoni. Jadidlar bir asr avval shuni juda yaxshi tushungan: xalqni uyg‘otish uchun faqat maqola yoki dars yetarli emas. Teatr kerak. Chunki sahnada aytilgan gap yurakka tezroq yetib boradi. Behbudiy, Avloniylar teatrni millat ko‘zgusi, jamiyatni o‘zgartiruvchi eng kuchli vosita deb bilgan.

Bugun esa teatr yana dolzarb. Tezkor axborot, ijtimoiy tarmoqlar zamonida ham teatr bizni to‘xtatadi, o‘ylantiradi, savol beradi. Kim edik? Kim bo‘lyapmiz? Qayerga ketyapmiz?

Ana shunday tarixiy mas’uliyat va zamonaviy ruh uyg‘unlashgan pallada “Millat teatri” o‘z eshiklarini ochmoqda. Bu sahnada – millat dardi, millat ovozi, millat kelajagi yangraydi.

Biz shu teatrning ochilishi munosabati bilan taniqli aktyor O‘lmas Temur bilan suhbatlashdik.

Faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz. “Millat teatri” yaratilishiga sabab bo‘lgan eng muhim omillar nima?

–Men O‘lmas Temur, “Millat teatri” asoschisiman. “Millat teatri” –mustaqil, to‘liq yoshlardan iborat eksperimental teatr-studiya.

2025-yil 14-fevral kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Ushbu uchrashuvda men ham ishtirok etdim va Toshkent shahrida yoshlar uchun eksperimental teatr-studiya tashkil etish taklifini bildirdim. Prezidentimiz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar. 2025-yil 26-mart kuni mazkur uchrashuv yuzasidan farmon imzolandi. Farmonning 61-bandida aynan 2025-yilda Toshkent shahrida yoshlar uchun eksperimental teatr-studiya ochish belgilab qo‘yildi. “Millat teatri” ana shu farmon asosida tashkil etildi.

2026-yil 29–30-yanvar hamda 1-fevral kunlari ilk she’riy spektaklimiz – “Hakala, dukala, cho‘kala” nomli sahna asarini tomoshabinlar e’tiboriga havola etdik.

Teatrga atoqli yozuvchi va iste’dodli dramaturg Javlon Jovliyev bilan birgalikda asos solganmiz. Jamoamiz asosan yoshlardan iborat. Aktyorlarimning barchasi tengdoshlarim yoki mendan biroz katta-kichik yigit-qizlar. Ular professional ijodkorlar – aksariyati oliy ta’limni tamomlagan. Ayrimlari bilan bir kursda, boshqalari bilan parallel o‘qiganmiz. Ularning ijtimoiy tarmoqlardagi ijodini kuzatar ekanman, ichimda shunday niyat tug‘ilgan: qachondir erkin ijod qilinadigan maskan tashkil qilsam, aynan shu do‘stlarim bilan birga ishlayman.

Teatr ochish g‘oyasi oson shakllanmagan. 2024-yilda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomladim. O‘qish davomida uch marta chetlashtirilganman. So‘nggi safar rektor qarori bilan butunlay haydalgan edim. Keyin Qo‘qon teatrida ishlamoqchi bo‘ldim, ammo u yerga ham ishga kira olmadim. Ana shunda ichimda kuchli bir “isyon”, o‘z yo‘limni yaratish istagi uyg‘ondi. “Bir kun kelib o‘zim teatr ochaman va birinchi spektaklimga sizlarni taklif qilaman”, degan qat’iy niyatni dilimga tugib qo‘ydim.

Bugun o‘sha niyat mehnat, izlanish va ustozlar maslahatlari bilan ro‘yobga chiqdi. Mana, siz bilan birinchi spektaklimiz namoyish etilgan sahna muhitida suhbatlashib o‘tiribmiz.

Albatta, bizni qo‘llab-quvvatlaganlar bor. Homiyimiz – Yoshlar ishlari agentligining “Mutolaa” loyihasi. Dastlab rejalarimizda spektakllardan tushgan mablag‘ evaziga sahna jihozlarini bosqichma-bosqich yaxshilashni ko‘zlagan edik. Biroq, “Mutolaa” loyihasi barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olib, pardadan tortib gilam, o‘rindiqlar va yoritish uskunalarigacha ta’minlab berdi, sahnani ta’mirlashda ham yordam ko‘rsatdi.

Shu bois, spektakldan tushgan mablag‘ni ijodiy jamoa – aktyorlar, shoir va rejissyor o‘rtasida taqsimladik. Mablag‘ katta emas edi, lekin bu yerda to‘plangan ijodkorlar pul uchun emas, ijod va muhit uchun ishlaydi. Ular bu yerga yashash, o‘zini namoyon qilish, san’at nafasi bilan yashash uchun keladi. Afsuski, jamoamizdagi ko‘plab iste’dodli yigit-qizlar avval boshqa sohalarda ishlab yurishga majbur bo‘lgan. Bu, albatta, ijodkor qalbini og‘ritadi. “Millat teatri” esa ana shunday iste’dodlar uchun erkin ijod maydonidir.

Nega to‘rt yil oliygohda tahsil olib, haqiqatan ham iste’dodli bo‘lgan yigit-qizlar boshqa ishlar bilan shug‘ullanishi kerak? Ularning joyi sahnada. Ular sahnada yashashi, ijod qilishi, yonishi kerak.

Shuning uchun ham bugun juda xursandman. Biz qilayotgan ish – katta ish! Tashqaridan qaraganda kimdir: “Ha, teatr ochibdi-da”, deyishi mumkin. Lekin teatr ochish oshxona, kiyim do‘koni yoki kitob do‘koni ochish emas. Bu butun boshli teatr tashkil etish, jadid bobolarimiz boshlagan ma’rifiy harakatni davom ettirish demakdir.

Jadidlar avval mutolaa xonalar ochgan, kitoblarni bepul chop etgan, bepul ta’lim bergan. Keyin esa xalqqa ozodlik g‘oyalarini, ma’rifat ruhini singdirish uchun teatr tashkil qilgan va sahna orqali o‘z fikrlarini yetkazgan. Demak, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Jadidlar tutgan yo‘ldamiz!

Albatta, qiyinchiliklar ko‘p bo‘ldi. Oson bo‘lmadi. Joyimiz kichik, birinchi spektakl she’riy shaklda, aktyorlar ustida yana ishlash kerak. Hali musiqa bilan ishlamaganmiz, ayrim talablarga to‘liq javob bermasligimiz mumkin. Lekin bizda eng muhimi asos, o‘zak va birinchi qadam bor. Endi bosqichma-bosqich rivojlanib borsak, muammo bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

– “Millat teatri” tomoshabinlar uchun yana qanday yangiliklar tayyorlamoqda?

– Hozirgi kunda bir emas, uchta spektakl ustida parallel ravishda ishlayapmiz. 14-fevral kuni “Boburni sevganlar kuni” nomi bilan yana bir she’riy spektakl namoyish etiladi. Oy oxirida Shavkat Rahmon she’rlari asosida monospektakl, ya’ni bir aktyor ijro etadigan sahna asari tayyorlanmoqda.

Shuningdek, yapon dramaturgi tomonidan yozilgan “Kulgu akademiyasi” asarini o‘ziga xos talqinda sahnalashtirishni rejalashtirganmiz. Bu asar ko‘p teatrlarda qo‘yilgan, ammo biz uni yangi yondashuv bilan taqdim etmoqchimiz.

Bundan ham katta rejalarimiz bor. Faqat ularni bosqichma-bosqich amalga oshiramiz.

– Ijtimoiy tarmoqlarda “Teatr qimmatmi…” deb boshlanadigan murojaatnomangiz juda ommalashdi. Nima deb o‘ylaysiz, tomoshabinlar san’atni nega “qimmat” yoki “arzon” degan mezon bilan baholaydi?

– Men bu holatdan juda xursand bo‘ldim. Instagram tasmasida qariyb har uchta videodan biri shu rolik bilan chiqib kelayotganini ko‘rdim. Ko‘plab teatr aktyorlari o‘z faoliyatiga fon sifatida “Teatr o‘zi qimmatmi? Ha, qimmat, chunki u tirik” degan joyini qo‘yishdi. Bu meni quvontirdi.

Negaki, qancha ko‘p ko‘rilsa, odamlar teatr haqida shuncha ko‘p ma’lumot oladi. Teatrga nisbatan munosabat o‘zgaradi. Bu faqat bizning teatr emas, umuman barcha teatrlar uchun foydali.

Aslida teatr qimmat emas. Chipta narxi, masalan, 100 ming so‘m. Bugun savdo markaziga borib kino ko‘raman desangiz ham kamida 120 ming so‘m to‘laysiz.

Lekin teatr bilan kinoning farqi katta. Kino insonni tarbiyalashga majbur emas, u ko‘proq hordiq va zavq uchun xizmat qiladi. Teatr esa insonni o‘zgarishga undaydi. Teatrga kelgan odam nimadir olishi kerak. O‘zini ko‘zguda ko‘rgandek his qilishi, o‘ylanishi, xulosa chiqarishi kerak.

“Nega bunday solishtirish paydo bo‘ldi?” degan savol tabiiy. Chunki tarixan ham solishtirish bo‘lgan. Avval teatr bor edi, keyin televideniye kirib keldi. Keyin raqamli media, ijtimoiy tarmoqlar. Har bir yangi vosita paydo bo‘lganda, oldingisi bilan taqqoslash yuzaga kelgan.

Bizning maqsadimiz – “spektakl zerikarli” degan stereotipni parchalash. Teatr – tirik san’at. U sahnada, shu onda, shu nafasda yaratiladi. Va shu jihati bilan ham u qimmat.

– Ko‘pchilik muxlislaringizga ayonki, jahon adabiyotidan Fyodor Dostoyevskiy ijodining muxlisisiz. Xo‘sh, o‘zbek adabiyotidan qaysi yozuvchilarning asarlarini sevib o‘qiysiz?

– O‘zbek adabiyotida sevib o‘qiydigan yozuvchilarim ko‘p. Bu haqda avval ham ko‘p bor aytganman. Ayniqsa, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asarini juda yaxshi ko‘raman. Bu roman men uchun alohida ahamiyatga ega.

Shuningdek, men yoqtirgan zamonaviy yozuvchilarimdan biri Javlon Jovliyev. Biz birga ishlaymiz, lekin uni faqat hamkorligimiz uchun emas, ijodi uchun qadrlayman. Javlon Jovliyev ijodida Tog‘ay Murod ruhiyati sezilib turadi.

Yaqinda u qizlar haqida juda qiziqarli asar yozdi. Hozircha nomini aytolmayman, chunki kitob hali nashr etilmagan. Men uni qo‘lyozma holatida o‘qidim. Asarni o‘qib, Javlon akaning o‘zlariga ham aytdim: “Agar Tog‘ay Murod tirik bo‘lganlarida, bu asarni o‘qib sizga tan bergan bo‘lar edilar”, dedim.

Javlon Jovliyevdan umidlarim katta. Uni juda hurmat qilaman. Demak, mening eng yaxshi ko‘rgan o‘zbek yozuvchilarimdan biri – To‘g‘ay Murod bo‘lsa, ikkinchisi – Javlon Jovliyev. Ularning asarlari asosida ham teatrimizda yaqin kelajakda yangi sahna ishlari bo‘ladi.

– Ijodkor sifatida nimadan ko‘proq ilhomlanasiz? Qaysi mavzularni yoritishni istaysiz?

– Ijodkor inson tabiatan kuzatuvchan bo‘ladi. U ko‘chada yurganda, ovqatlanayotganda, odamlar bilan muloqotda umuman, har joyda detallarga e’tibor beradi. Ana shu kichik bir detall ham qalbida nimanidir uyg‘otishi, uni yozishga, yaratishga undashi mumkin.

Men ham ilhomni atrofimdan, xalqimdan olaman. Bir narsani juda istardim: biz katta maqsadlar haqida ko‘proq o‘ylasak. Faqat maishiy muammolar bilan cheklanib qolmasdan, kengroq, yuksakroq mavzular haqida gaplashsak.

San’at insonni fikrlashga chorlashi kerak. Teatr ham, adabiyot ham odamni o‘zidan yuqoriga ko‘tarishi, ruhan o‘sishga undashi lozim.

–O‘zbek kinosi haqida ko‘pchilik turlicha fikr bildiradi. Aslida sohadagi muhit va jarayon qanday? Tomoshabinlar berayotgan salbiy baho bilan butun o‘zbek kinosini baholash qanchalik to‘g‘ri?

–Avvalo, kino muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun har kim o‘z ishini professional darajada bajarishi kerak. Men yangi aktyor sifatida katta da’volar qilolmayman, lekin bir narsani aniq ayta olaman: har kim o‘z o‘rnida bo‘lsa, natija albatta yaxshi bo‘ladi. Rejissyor rejissyorligini qilsin, aktyor aktyorligini, ssenarist ssenariysini puxta yozsin, shunda sifat yuksaladi.

Ayniqsa, yosh tomoshabinlar bir narsani farqlashi kerak: bugun namoyish qilinayotgan ayrim novellalar yoki seriallarni kino deb qabul qilish to‘g‘ri emas. Kino bilan telenovellaning o‘rtasida katta farq bor.

Hozir ham o‘zbek kinosida yaxshi asarlar yaratilyapti. Faqat reklama va targ‘ibot masalasida zamonaviyroq yondashuv kerak, deb o‘ylayman. Bugungi jadal rivojlanayotgan zamonda mahsulotni to‘g‘ri taqdim etish ham muhim. Zo‘r film yaratishning o‘zi yetarli emas, uni tomoshabinga yetkazishni ham bilish kerak.

Eng muhimi, “o‘zbek kinosi tugadi” degan tushunchadan voz kechishimiz lozim. O‘zbek kinosi avval ham bo‘lgan, hozir ham bor va bundan keyin ham bo‘ladi. U hech qachon “o‘lgan” emas. Balki ayni paytda ma’lum bir bosqichda, o‘tish davridadir. Lekin yaxshi filmlar bor.

Masalan, 2024-yilda men ikkita qisqa metrajli va 2 ta to‘liq metrajli badiiy filmda ishtirok etdim. Davlat kinosida ishlab, jarayondan katta zavq oldim. Uch oy davom etgan suratga olish ishlarida har bir sohaning mutaxassislari ishlaganiga guvoh bo‘ldim.

Xulosa qilib aytsam, yaxshi kinolar bor. Faqat biz ba’zan ularni ko‘rmaymiz yoki ko‘rishni istamaymiz. Mayda salbiy holatlarni chetga surib, ijobiy ishlarga e’tibor qaratish kerak.

–“Millat teatri” tomoshabinga nima beradi va qanday g‘oyani maqsad qilib olgan?

Hozir biz o‘tirgan joy rivojlanish uchun o‘choq, boshlang‘ich nuqta, xolos. Rejamiz imkoniyat bo‘lsa, bir yil ichida yanada kengroq sahnaga ko‘chish. Avvalo, tomoshabinni o‘rgatish, uning didini shakllantirish, o‘z spektakllarimizni muntazam namoyish etishni maqsad qilganmiz. Keyin esa boshqacharoq formatga o‘tamiz. Albatta, bu yerda imkoniyatlar cheklangan. Lekin biz bir yil davomida shu maskanga ega bo‘lish uchun kurashdik. Shuning o‘zi ham katta yutuq.

Meni eng quvontirgani, teatrni sevadigan insonlar borligi. Uchta seans qo‘ygan bo‘lsak, yana yigirma kishi “joy qolmadimi?” deb so‘radi. Bu juda quvonarli holat. Yana bir muhim jihat, kelgan odamlar afsuslanmay, yaxshi taassurot bilan chiqib ketishmoqda.

Teatrning eng og‘riqli va ayni paytda eng go‘zal tomoni shuki, u bir lahzada yashaydi. Film bir marta suratga olinadi va uni qayta-qayta ko‘rish mumkin. Spektakl esa shu onda, shu nafasda yaratiladi va o‘sha lahzada yashaydi. Men hamisha jamoamga aytaman: sahnaga chiqqaningizda hamma narsani unuting, lahzada yashang. Chunki bugungi kun hech qachon qayta kelmaydi. Shuning uchun ham teatr san’ati alohida qadrlanadi — u tirik, u nafas oladi, u shu yerda va hozir yaraladi.

Inson qachonki “men zo‘rman” deb o‘ylasa, o‘sha paytdan yutqaza boshlaydi. Hozir bosh rol ustida ishlayapman va tayyorgarlik jarayonida katta hayajonni his qilyapman. Bu haqda rejissyorimizga ham aytdim. U esa aksincha, bu yaxshi holat ekanini ta’kidladi. Chunki qo‘rquv va hayajon insonni yanada mas’uliyatliroq bo‘lishga, bor kuchini ishga solishga majbur qiladi.

Menimcha, nimagadir erishmoqchi bo‘lgan yoshlar har doim oldinga intilishi kerak. Hech qachon to‘xtab qolmasligi, o‘z ustida ishlashdan charchamasligi zarur.

Toshkentga ilk bor kelganimda bu yerda yaqinlarim yo‘q edi. Lekin vaqt o‘tishi bilan turli kelishuvlar, hamkorliklar va intilishlar katta maqsadlarimning amalga oshishiga yo‘l ochdi. Demak, harakat qilgan insonga imkoniyat ham ochiladi.

Kelajakdagi rejalarimiz katta: respublika bo‘ylab gastrol spektakllar qo‘yish, so‘zsiz, ya’ni ifodaviy teatr shaklidagi sahna asarlarini yaratish, xorijga chiqib, u yerda ham namoyishlar o‘tkazish. Eng asosiy maqsadimiz, o‘zbek teatrini jahonga noan’anaviy, zamonaviy uslubda tanitish!

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gO8UJf-LfXA" title="O`lmas Temur: “Teatr qimmat, chunki u tirik!”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Dildora DO‘SMATOVA, Nishonboy Abduvoitov,

Salim Obidjonov (video), O‘zA

suhbatlashdi