Olmaotada bokschi qizlarimiz muvaffaqiyatga erishdi
Qozog‘istonning Olmaota shahrida 2008-2009 hamda 2010-2011-yillarda tavallud topgan bokschi o‘smir qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan VIII xalqaro turnirda mamlakatimiz vakillari umumiy hisobda 23 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur turnirda Timur Axbayev murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasining mahoratli bokschi qizlari 300 nafarga yaqin bokschilar bilan kechgan janglarda 8 ta oltin, 5 kumush va 10 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Murosasiz janglarda terma jamoamiz a’zolaridan Ruxshonabonu Ahadova, Farangiz Usvaliyeva, Parvina Shakarova, Qumriniso Muhammadova, Mehrimoh Qilichova, Sabrina Chakomanova, Samira Turg‘unova va Nilufarxon Abduhoshimova oltin medallarga musharraf bo‘lishi ortidan Olmaotadagi muhtasham sport majmuasida vatanimiz bayrog‘i yuksalib, madhiyamiz baralla yangradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA