Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olmaliqlik kimyogarlar bahorning ilk kunini daraxt koʻchatlarini ekishga bagʻishladi
14:45 / 2020-03-01

Joriy yildagi ilk tashabbus Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi “Ammofos-Maxam” AJda oʻtkazildi.


“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxona va tashkilotlar ularga tutash hududlarda manzarali daraxt koʻchatlarini ekish maqsadida “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz masʼulmiz!” shiori ostida koʻkalamzorlashtirish loyihasini amalga oshirmoqda.

Joriy yildagi ilk tashabbus Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi “Ammofos-Maxam” AJda oʻtkazildi.

Prezidentimizning 2019-yil 30-oktyabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan mazkur loyiha korxona-tashkilotlar joylashgan hudud ekologik holatini yana-da yaxshilashga koʻmaklashish hamda atrof-muhitni manzarali daraxtlar bilan boyitishga xizmat qiladi.

Tadbirda aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, korxona tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar, yoshlar va ommaviy axborot vositasi vakillari, blogerlar ishtirok etdi. Unda 2 ming dona manzarali daraxt koʻchati va gullar ekildi.

– Bugungi kunda aksiyadorlik jamiyati tarkibida 16 ta yirik va oʻrta kimyoviy korxonalar faoliyat koʻrsatib kelmoqda, – deydi “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Joʻrabek Mirzamahmudov. – Ular tomonidan jami 180 tadan ortiq nomdagi kimyoviy mahsulotlar, shu jumladan, 90 ga yaqin turdagi yangi, mahalliy va xorijiy isteʼmolchilar tomonidan talab etilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Tashkilotimiz tomonidan zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini amaliyotga qoʻllash orqali energiya resurslarini tejash va atrof-muhitni ifloslantirilishining oldi olinmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda 2019-2022-yillar davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ korxonalari tomonidan atrof-muhitga zararli tashlanmalar va ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish chora-tadbirlari rejasini bajarilishi natijasida tarmoq korxonalari tomonidan oʻtgan yil atmosferaga zararli moddalar tashlanmalari 2018-yilga nisbatan 413,8 tonnaga kamaytirildi.

Bu borada “Ammofos-Maksam” AJ tomonidan sexlarni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hisobiga yiliga 36,6 tonna ammiak va 3,4 tonna vodorod ftoridni kamaytirishga erishildi.

Mart oyi davomida oʻtkaziladigan “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz masʼulmiz!” shiori ostidagi koʻkalamzorlashtirish loyihasi doirasida tashkilot tizimidagi korxonalar tomonidan 80 mingdan ortiq turli manzarali koʻchatlar hamda gullar ekilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda mutaxassislar yashil daraxtzorlarning aholi punktlarining sanitar-gigiyenik sharoitini yaxshilovchi vosita ekanini takidladi.

Maʼlumotlarga koʻra, bir yil davomida 4 ming 47 kvadrat metr hududga ekilgan katta daraxtlar 42 ming kilometr masofani bosib oʻtgan avtomobil tomonidan hosil boʻladigan CO2 miqdorini zararsizlantiradi. Xiyobon va bogʻlar esa odamlarga estetik zavq bagʻishlaydi, asab tizimini tinchlantiradi va sevimli dam olish maskani boʻlib xizmat qiladi.