“O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktabda sodir bo‘lgan holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktabning 12 nafar o‘quvchisi joriy yilning 15-19 sentyabr kunlarida o‘tkir ichak kasalligidan gumon qilib, shifoxonaning yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasi hamda “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ va “Olmaliq shahar suv ta’minoti” korxonasi xodimlari hamkorligida tekshirish ishlari olib borilib, suvdan, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa vositalardan kimyoviy tahlil uchun namunalar olingan.
Shuningdek, aholidan ichimlik suvi sifati bo‘yicha ma’lumot so‘ralganda ular ichimlik suvi sababli sog‘liqlarida shikoyat yo‘qligini aytishgan.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasi Olmaliq shahar bo‘limi tomonidan 20 sentyabrda Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktabdan olingan 4 ta ichimlik suvi namunasi tahlili xulosasiga ko‘ra, ichimlik suvi belgilangan me’yor talablariga javob beradi. Bu esa yuqorida qayd etilgan o‘quvchilarning kasallanishiga ichimlik suvining aloqasi yo‘qligini ko‘rsatadi.
Hozir holat yuzasidan Olmaliq tuman prokuraturasi, Bolalar ombudsmani, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan qo‘shimcha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri