Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olmaliqda qurilayotgan 9 qavatli uy xavfsizlik talablariga javob bermaydi
10:56 / 2023-04-18

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida qurilayotgan 9 qavatli uy xavfsizlik talablariga javob bermasligi haqida video tarqaldi. Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, «I.Karimov» MFYda qurilayotgan bu ko‘p qavatli binoning haqiqatda belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan.    

Xususan, «Zilzilaviy hududlarda qurilish» me’yor talablari buzilgan holda kotlovan tayyorgarligi to‘g‘risida geolog dalolatnomasi va zamin tuproq qatlami zichligi bo‘yicha laboratoriya xulosalari to‘liq rasmiylashtirilmagan. «Zilzilaviy hududlarda qurilish» me’yor talablari buzilgan holda monolit-beton konstruksiyalarning mustahkamligi bo‘yicha laboratoriya sinovlarining xulosalari olinmagan. Ob’ektda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan. Shuningdek, xavfsizlik lentalari tortilmay opalubka montaj ishlari bajarilgan, unda loyihadan chetga chiqish holatlari kuzatilgan.  

Yuqoridagi holatlar sabab bugungi kunda qurilish-montaj ishlari vaqtincha to‘xtatilgan. Qoidabuzarliklarning loyiha va qurilish me’yorlari talablari asosida bartaraf etilishi yuzasidan texnik nazoratchi hamda pudratchi mas’ullariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.  

Pudrat tashkiloti rahbari MJtKning 99-moddasiga asosan jarimaga tortilgan.  

 

Sh.Mamaturopova, O‘zA