O‘zbekiston Respublikasi Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi tomonidan bayramona kayfiyat bilan kutib olindi. Shu munosabat bilan OKMK sport majmuasida estrada yulduzlari ishtirokidagi katta gala konsert dasturi tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev va OKMK boshqaruv raisi Abdulla Hursanov barchani ayyom bilan tabriklab, o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirdi. Shundan so‘ng 21 nafar faol ishchi-xodimlar turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari bilan mukofotlandi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova, O‘zbekiston xalq artistlari Maryam Sattorova va Gulsanam Mamazoitova ijrosidagi dilrabo taronalardan bahramand bo‘ldi.


Olmaliq shahar markazida xalq sayli 600 nafar yoshlar ishtirokidagi marafon bilan boshlandi. Xalq saylida kombinat tarkibiy bo‘linmalari ishlab chiqarishda erishgan yutuqlari, korxonalarning mahsulotlari, ishlab chiqarishda foydalaniladigan texnologik qurilmalar va tarixi bo‘yicha ko‘rgazmalarni namoyish etdi.

– Bayram juda qiziqarli tashkil etilgan, – deydi Ruh zavodi faxriy ishchisi Abduvohid Muslimov. – Shu sohada ish boshlaganimga 31 yildan oshdi. Shu davr mobaynida sohadagi o‘zgarishlar, zamonaviy tajribalarni amalda qo‘llab keldik. Ko‘plab shogirdlar chiqardim. Kombinat tomonidan Ikkinchi va Uchinchi darajali mehnat qahramoni unvonlari bilan taqdirlandim. Kasbim ortidan oilam farovon. Bundan keyin ham qo‘ldan kelgancha sohada mehnatim bilan yurtimiz ravnaqiga hissamni qo‘shishga harakat qilaman.

Tadbirda turli sport musobaqalar ham tashkil etildi. Jumladan, OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi jismoniy tarbiya va sport bo‘limi tomonidan tashkil etilgan arqon tortish, stol tennisi, belbog‘li kurash, boks, shaxmat va shashka kabi musobaqalar ham qiziqarli kurashlarga boy bo‘ldi.
– Oxirgi yillarda jamoamiz 9 karra O‘zbekiston chempioni, bir bor O‘rta Osiyo kubogi sohibi bo‘ldi, – deydi OKMK Gandbol jamoasi a’zosi, Toshkent viloyati Gandbol federatsiyasi rahbari Elyor Eshboyev. – Joriy yil ham jamoamiz oliy liga bahslarida yaxshi qatnashmoqda. Yil sayin mazkur sport turiga yoshlar orasida qizishi ortmoqda.

Tadbir davomida kombinat tarkibiy bo‘linmalari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar turli nominatsiyalar bo‘yicha qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bayram tadbirlari davomida ko‘p yillar mehnat qilgan 653 nafar ishchi-xodimlarga “Mehnat faxriysi” unvoni ham taqdim etildi.
Shuningdek, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari va saxovat uylarida ham bayram dasturxonlari yozildi. Olmaliq shahridagi “Marhamat” tantanalar majmuida kombinat mehnat faxriylari uchun Respublika konchilik va metallurgiya sanoati faxriylari kengashi hamda OKMK hamkorligida bayram tadbiri o‘tkazildi.

2024 yilning 15 oktyabr kuni Prezidentimizning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi davomida 4-mis boyitish fabrikasi qurilishiga start berildi. Bu loyiha orqali yiliga 146 ming tonna katodli mis va boshqa qimmatbaho metallarni olish quvvatlari yaratiladi. Fabrika va uning infratuzilmalarida 3 mingdan ortiq kishi ishlaydi.

Yangi fabrikaning ishlab chiqarish jarayonida yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qo‘llaniladi. 2025 yil 25 fevral kuni Jizzax viloyati, Forish tumanidagi OKMKda “Yoshlik-I” konini o‘zlashtirish investitsiyaviy loyihasi doirasida Yangi ohak zavodi qurilishiga start berildi. 2025 yil fevral oyida Sustainable Fitch reyting agentiligi tomonidan OKMKga ESG reytingi berildi.
A.Musayev, O‘zA.