O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan har kuni taqdim etib borilayotgan raqamlardan ham ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda koronavirus kasalligi bilan bog‘liq vaziyat jiddiy tus olmoqda.
Kasallik bilan og‘rigan bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, infeksiya tarqalishini oldini olishi borasida yurtimizda zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarga Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham salmoqli hissa qo‘shyapti.
Jumladan, yurtimizdagi epidemiologik vaziyat inobatga olinib, Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi taklifi bilan “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi “Bahor” mehmonxonasi koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilish maqsadida ixtisoslashtirilgan shifoxonaga aylantirildi.
OKMK Tibbiyot xizmati boshlig‘i Abdujabbor To‘xtaboyevning ma’lum qilishicha, hozirda Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasi va kombinat o‘rtasida belgilangan tartibda tibbiyot vositalarini qabul qilish hamda ularni o‘rnatish, infeksiyani yuqtirib olgan fuqarolarni qabul qilish ishlari olib borilyapti.
E’tiborlisi, bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida kombinat tomonidan umumiy hisobda 431 million so‘mlik 4 ta sun’iy nafas oldirish apparati, 4 ta nafas olish yo‘llariga uzluksiz bosim beruvchi uskuna, 22 ta kislorod konsentratlari, 4 ta kardiomonitor, 1 ta defibliator va 4 ta tibbiy aspiratorlar muassasaga beg‘araz homiylik yordami sifatida yetkazib berildi.
Shuningdek, kombinat tibbiy xizmatining ko‘chma raqamli rentgen uskunasi ham ushbu shifoxonaga foydalanish uchun topshirildi. Yaqin kunlarda yana reanimatsiya bo‘limiga 12 dona funksional krovatlar olib kelinishi kutilmoqda. Ushbu jihozlar davolovchi shifokorlarning ham muolajalarni bemalol olib borishlariga imkon beradi.
Bundan tashqari, muassasa qo‘shimcha ravishda kombinat tomonidan maxsus tibbiyot anjomlari, koronavirus infeksiyasida qo‘llaniluvchi dori vositalari, dezinfeksiyalovchi eritma va reaktivlar bilan ta’minlangan. Kasallikka chalingan bemorlarni davolash uchun Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasining malakali shifokorlari biriktirilgan. Zarurat tug‘ilsa Respublika va viloyat tibbiyot muassasalaridan ham malakali shifokorlar safarbar etiladi.
Shifoxona bosh shifokori Abdulaziz Diniqulovning aytishicha, og‘ir ahvoldagi bemorlarning davolash muolajalari videokonferens aloqa orqali professorlar bilan muhokama qilinib, zarur choralar ko‘rib boriladi.
A. Musayev, O‘zA