Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Olmaliq KMK» AJ pandemiya davrida 700 nafardan ziyod fuqaroni ish bilan ta’minladi
18:59 / 2020-12-10

Toshkent viloyatidagi «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati mamlakatimiz rangli metallurgiya sanoatini rivojlantirishda alohida o‘rin egallaydi. 36 ming 500 nafardan ortiq ishchi-xizmatchi mehnat qilayotgan mazkur yirik korxonada beshta investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.

“Yoshlik-I” koni o‘zlashtirilishi ana shu loyihalardan biri. Misni boyitish fabrikasi ham shu loyiha doirasida barpo etiladi. U MDH dagi eng yirik fabrikalardan biri sifatida yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur fabrika qurilishi 10 ming ish o‘rni yaratilishiga zamin yaratadi.

Milliy matbuot markazida «Olmaliq KMK» aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar hamda raqamlashtirish jarayonlariga bag‘ishlangan anjumanda kombinat tizimida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.

«Olmaliq KMK» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Rustam Sanaqulov, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Maqsumov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar korxona rivojida ham muhim ahamiyat kasb etishini, ishlab chiqarishda raqamli transformatsiyaning tatbiq etilishi korxona raqobatbardoshligi hamda uning uzoq muddatli istiqbollarini belgilab berishini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, kombinatda iqtisodiyotni raqamli boshqarish va barcha biznes-jarayonlarni nazorat qilishga yo‘naltirilgan ko‘plab axborot-kommunikatsion manbalar ekspluatatsiya qilinmoqda. O‘z navbatida, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasi «Raqamli OKMK – 2030» rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

– AKT sohasida mehnat qilayotgan 305 nafar mutaxassis kombinat faoliyatida avtomatlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda, – dedi R.Maqsumov. – Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi xizmatlar ixtiyorida 2 ming 700 dan ziyod PK, 1 ming 300 dan ortiq tashkiliy texnika, 1 ming 100 nafar korporativ pochta foydalanuvchi, 62 server, 37 axborot tizimi, rusurs va IT servislar, 41 (umumiy ab.sig‘imi 9500 ab)ni tashkil qiluvchi magistral aloqa liniyalari 485 kilometrdan ziyod bo‘lgan ichki idoraviy ATS va boshqa tizimlar mavjud. Bu esa «Olmaliq KMK» AJda AKT sohasida loyihalarni bosqichma-bosqich joriy qilish ishlab chiqarishni raqamli transformatsiyalash uchun katta imkoniyatdir.

Ta’kidlanganidek, korxonada kadrlash tayyorlash va qayta o‘qitishga alohida e’tibor qaratilgan. «Olmaliq KMK» AJda tashkil etilgan o‘quv markazida mashg‘ulotlar muntazam olib boriladi.

– Bundan tashqari, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali, shartnoma asosida Rossiya davlati ham kombinatimiz uchun kadrlar tayyorlab beradi, – dedi «Olmaliq KMK» AJ boshqaruvi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Umida Qarshiboyeva. – Agar bevosita ishga joylashish va bo‘sh ish o‘rinlari haqida gapirilganda, onlayn rejimda ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. 2020 yil bo‘yicha pandemiya davriga qaramasdan, biz 700 nafardan ziyod ishchi-xodimni ish bilan ta’minladik. Yana ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, bo‘sh o‘rinlar bo‘yicha kombinatimiz saytida doimiy e’lon berib borilmoqda.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA