Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Olmaliq KMK” AJ: ikki yilda 30 ta loyiha amalga oshiriladi
10:24 / 2022-02-24

Prezidentimizning “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Olmaliq KMK” aksiyadorlik jamiyatida 2022 – 2024 yillarga mo‘ljallangan “Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasini rivojlantirish va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish” dasturi ishlab chiqildi.

Dasturga muvofiq korxonada 4 ta yo‘nalish bo‘yicha jami qiymati 61,52 million dollar bo‘lgan 30 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning natijasida qo‘shimcha 3,52 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. 133,7 million dollarlik mahsulot qo‘shimcha eksport qilinadi. 623 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.  

Xususan, I-yo‘nalish sifatida nodir metallardan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 19,75 million dollarlik 11 ta loyiha doirasida ishlar olib borilmoqda. Jumladan, molibden ishlab chiqarishni yiliga 800 tonnadan 1 ming 200 tonnaga ko‘paytirish loyihasi (qiymati 0,3 million dollar) bo‘yicha mavjud uskunalarni modernizatsiya qilish va yangilash ko‘zda tutilgan. bugungi kunda uskunalarni o‘rnatish va bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish ishlari 90 foizga bajarilgan. Mazkur loyihani joriy yil aprel oyida ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Bunda yiliga 17,2 million dollarlik qo‘shimcha 400 tonna molibden ishlab chiqariladi. Olinadigan sof foyda yiliga 5 million dollarni tashkil etadi. 

“Ingichka” konining volfram qoldiqlarini qayta ishlash loyihasi mavjud chiqindilarini qayta ishlash texnologiyasini joriy etish imkoniyatini beradi. Loyihaning 1-bosqichi joriy yil iyun oyida foydalanishga topshiriladi. Volfram metallarni ishlab chiqarish 100 tonnaga, 2-bosqichda (muddati 2023 yilning aprel oyi) 185 tonnaga yetkaziladi. Bundan tashqari, nodir metallardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha jami 19,05 million dollarlik 9 ta loyiha joriy yil sentyabr oyida foydalanishga topshiriladi. Bu 31,3 million dollarlik volfram va molibden metallaridan 30 ta import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. 

II yo‘nalish – Mis asosida rangli metallarni qayta ishlash bo‘yicha qiymati 15 million dollarlik 3 ta loyiha amalga oshiriladi. Buning evaziga yiliga 11 ming tonna mis va 4 ming tonna rux metallaridan qo‘shimcha 134 million dollarlik eksportbop mahsulot ishlab chiqariladi. Shu bilan birga 1,4 trillion so‘mlik mis qotishmalari mahalliylashtiriladi. Jumladan, misdan lenta va listlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha qiymati 5,1 million dollarlik loyiha 2023 yilning oktyabr oyida ishga tushirilishi natijasida yiliga 10 ming tonna mis qayta ishlanadi. Qo‘shimcha 45 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha Xitoy va Rossiya davlatlarining bir qator kompaniyalari bilan hamkorlik qilish shartnomalarini rasmiylashtirish rejalashtirilgan. 

Mazkur yo‘nalishda mis qotishmalarini (bronza, latun) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qiymati 4,96 million dollarlik, yiliga 3 ming tonna bronza va latun qotishmalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha 2023 yilning noyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Natijada 60 nafar yoshlar ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, mis va mis qotishmalari (bronza, latun) kukunini ishlab chiqarish loyihasi esa 2024 yilning fevral oyida ishga tushirilishi rejalashtirilyapti. Uning umumiy qiymati 2,9 million dollarni tashkil etib, foydalanishga topshirish natijasida yiliga 2 ming tonna mis va mis qotishmalari (bronza, latun) kukunlari ishlab chiqariladi. Bu orqali 20 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Hozirda, loyihani amalga oshirish bo‘yicha Rossiya, Janubiy Koreya va Germaniya davlatlarining kompaniyalari bilan ishlab chiqarish texnologiyasi va uskunalar yetkazish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilyapti. 

III yo‘nalish – ilmiy ishlanmalarga asoslangan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha umumiy qiymati 8,2 million dollar bo‘lgan 9 ta loyiha amalga oshiriladi. Ularning amalga oshirilishi natijasida yiliga 10 tonna uskunalarni yemirilishdan saqlovchi qoplamalar ishlab chiqarish hamda metallurgiya chiqindilaridan yiliga 3 tonna kobalt oksidi, 3 tonna indiy va nikel ajratib olinishi ta’minlanadi. Ushbu loyihani amalga oshirishda Janubiy Koreyaning KIRAM nodir metallar ilmiy ishlab chiqarish instituti bilan zamonaviy laboratoriya uskunalari bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Umumiy anorganik ximiya instituti bilan qo‘shma ilmiy tekshirish laboratoriyasi tashkil etiladi. Bu maqsadlar uchun 1,2 milliard so‘m mablag‘ ajratish va ilmiy ishlar olib borish uchun yo‘l xaritalarini tuzish rejalari kelishib olindi. 

IV yo‘nalish – foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarida yangi quvvatlarni tashkil etishga oid qiymati 18,55 million dollarlik 7 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida qo‘shimcha 313 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Jumladan, mazkur yo‘nalishda keramik mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi bo‘lib, birinchi bosqichi shu yilning sentyabr-oktyabr oylarida barcha zaruriy texnologik uskunalar o‘rnatiladi. Keramik mahsulotlarini ishlab chiqarish 1,5 ming tonnagacha yetkaziladi. 2023 yilning mart oylarida ishlab chiqarish quvvatini 10 ming tonnaga yetkazilishi ta’minlanadi.  

Yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan 4 ta loyiha doirasida 4,75 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, qo‘shimcha 85 ta ish o‘rni yaratiladi. Ushbu loyihalar doirasida uskunalarni yetkazib berishga shartnomalar tuzish bo‘yicha Rossiya, Germaniya, Xitoy va Tayvan davlatlari kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Umuman olganda, dasturni amalga oshirish natijasida 2024 yilga kelib bir qator yo‘nalishlarda yuqori samaradorlikka erishiladi. Jumladan, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 3,9 trillion so‘mni tashkil etadi. O‘sish sur’ati esa 10,4 martaga oshadi. 164,2 million dollarlik eksport amalga oshirilib, o‘sish sur’ati 5,4 baravarga yetkaziladi. Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 132 ta loyiha o‘zlashtirilib, o‘sish sur’ati 4,1 martaga yetkazilishi kutilmoqda. Yana bir muhim jihat shundaki, 1 ming 301 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. 
 

OKMK Axborot xizmati, 
O‘zA