Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani shunday nomlandi.
Unda «Olmaliq KMK» aksiyadorlik jamiyati mas’ullari kombinat tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalari haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining moliyaviy-iqtisodiy faoliyati bo‘yicha barcha prognoz ko‘rsatkichlar bajarildi. Xususan, tayyor mahsulotlar sotishdan tushgan tushum 30,5 trillion so‘mni tashkil etib, biznes-reja 108,2 foizga bajarilgan. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha sof foyda 6,7 trillion so‘mni yoki prognozga nisbatan 114,6 foizni tashkil etdi. Bunda mahsulot ishlab chiqarish rentabelligi 21,8 foizdir. 2022 yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun davlat byudjetiga 18,4 trillion so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,6 trillion so‘mga ko‘proq to‘lovlar amalga oshirildi. 8,5 trillion so‘m dividend to‘langan.
“Olmaliq KMK” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining iqtisodiyot, moliya va transformatsiya boʻyicha oʻrinbosari Feruza Hamidova qayd etganidek, hisobot davrida kombinat tomonidan 947,5 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, prognoz 110,8 foizga bajarilishi taʼminlangan.
[gallery-11204]
– Alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Kombinatni rivojlantirish va isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar tufayli xalqaro kapital bozorlariga chiqish hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy kreditlarini mustaqil ravishda jalb qilish imkoniyatlarini bermoqda. Kombinatni xalqaro fond bozorlariga chiqishga tayyorlash uchun Kombinat tomonidan 2019 yilda maslahatchi sifatida «katta to‘rtlik»ka kiruvchi KPMG xalqaro auditorlik kompaniyasi jalb qilingan, – dedi F. Hamidova.
Ta’kidlash kerakki, 2022 yil boshida elektr ta’minoti tizimida blekaut tufayli 25 yanvardan 28 yanvargacha to‘liq to‘xtalishi, yarim mahsulot ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
– Tezkor ravishda ko‘rilgan choralar evaziga, birinchi navbatda eng muhim uchastkalarga elektr tokini yetkazish, shuningdek, ichki zaxiralarning ishga tushirilishi hisobiga sotiladigan mahsulotlar ishlab chiqarish ta’minlandi, – dedi «Olmaliq KMK» aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisining texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Abduqahhor Saynazarov. – Jumladan, mis katodi ishlab chiqarish rejasi 100 foizga, mis simi, emallangan sim, mis kuporosi rejasi 100 foizga bajarildi. Qimmatbaho va nodir metallar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi.
Ta’kidlanishicha, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan 2023 yilga belgilangan barcha ustuvor vazifalar bajarilishi ta’minlanmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA