Sankt-Peterburg Ilmiy tadqiqot loyiha instituti bosh direktori, professor Valerey Myachen va uning o‘rinbosari Vladimir Shulyayevlardan iborat mutaxassislar Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bilan uchrashdi.
Ma’lumki, joriy yilning mart oyida Tatariston transport vazirligi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Toshkent viloyatida bo‘lgan edi. Uning doirasida yirik shaharlarda transport tizimi faoliyatini tubdan isloh qilish yuzasidan viloyat mas’ullari bilan hududlarda o‘rganish ishlari olib borildi. Xususan, Olmaliq, Chirchiq va Nurafshon shaharlarida qulay transport tizimini yaratish bo‘yicha Bosh reja loyihasi ishlab chiqish taklifi o‘rtaga tashlangan edi. Shu bo‘yicha mehmonlar tomonidan o‘rganishlar asosida tayyorlangan Bosh reja loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Unda yirik chorrahalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, alohida yo‘lakli avtobuslar harakatini tashkil etish, ko‘p o‘rinli avtobuslar qo‘yish va intervallarini qisqartirish choralari belgilangan bo‘lib, asosiysi, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Muhokamalardan so‘ng, Z.Mirzayev aholi talabidan kelib chiqib, yangi yo‘nalishlar ochish, mavjudlarini qayta ko‘rib chiqish, avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish masalalariga ham to‘xtaldi. Qishloqdan shahar markazigacha hamda u yerdan viloyat markazigacha bo‘lgan transport xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va ularning sifatini oshirish zarurligini qayd etdi.
Tomonlar kelgusidagi rejalar borasida ham bir qator kelishuvlarga erishdi.
A.Musayev,
O‘zA