Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olloqulixon ming nafar xorazmlik savdogarni tutqunlikdan qanday qutqargan edi?
07:34 / 2026-01-21

Tarix charxpalagi shunday aylanadiki, ba’zan birgina oqilona qaror minglab insonlar taqdirini o‘zgartirib yuboradi, butun boshli davlatning xalqaro maydondagi obro‘sini belgilab beradi. XIX asrning birinchi yarmida Xiva xonligining siyosiy hayotida yuz bergan voqealar bunga yorqin misoldir. Shoir va tarixchi Muhammadrizo Ogahiyning “Riyoz ud-davla” (“Baxt-saodat bog‘lari”) asaridagi ma’lumotlar shunchaki quruq xabarlar emas. Ular davlat rahbarining o‘z fuqarolari oldidagi mas’uliyati va murakkab geosiyosiy vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l topa olish qobiliyatidan darak beruvchi jonli guvohliklardir.

Olloqulixon saltanat taxtiga o‘tirgan 1825 yilda mintaqadagi vaziyat ancha qaltis edi. Yangi hukmdor dastlab ichki boshqaruv tizimini mustahkamlashga kirishdi. U davlat tayanchlarini qayta ko‘rib chiqdi. Ishonchli va sadoqatli insonlarni mas’ul lavozimlarga tayinladi. Xususan, Hazorasbdek muhim harbiy-siyosiy nuqta boshqaruvining ukasi Rahmonquli to‘raga topshirilishi bejiz emasdi. Bu chegara hududlar xavfsizligini ta’minlash va markaziy hokimiyat nufuzini oshirishga qaratilgan puxta o‘ylangan tadbir edi. Biroq xonning haqiqiy siyosiy irodasi tashqi aloqalarda, ayniqsa, o‘sha davrning eng o‘tkir muammosi – asirlar masalasida namoyon bo‘ldi.

Tarixdan ma’lumki, 1840 yilda Rossiya imperiyasi va Xiva xonligi o‘rtasidagi munosabatlar tarang holatga kelgandi. Mingga yaqin xorazmlik savdogar va yo‘lovchilar Rossiya hududida ushlab turilgan, karvon yo‘llari to‘silgan edi. Bu holat nafaqat iqtisodiyotga zarba berar, balki minglab oilalarning tinchini buzar edi. Olloqulixon bu chigal tugunni yechish uchun harbiy kuch emas, balki diplomatik mahoratni ishga soldi. U o‘z fuqarolarini qutqarish uchun Xivada saqlanayotgan rus asirlarini ozod qilish va ularni almashish qaroriga keldi. 

Ushbu nozik vazifani bajarish oddiy odamlarga emas, balki ilm va din peshvosi Otajon oxundga ishonib topshirildi. Shuningdek, bu jarayonda ingliz zobiti Richmond Shekspirning ishtirok etishi ham e’tiborga molik. 1840 yilning avgustida yo‘lga chiqqan karvon mashaqqatli sahro yo‘llarini bosib o‘tdi. Diplomatik missiya kutilgan natijani berdi. Rossiya imperatori xonning bu olijanob tashabbusini qabul qildi. Natijada, tutqunlikdagi minglab xorazmliklar ozod etildi. Ularning Ramazon hayiti arafasida, 1840 yilning noyabr oyida ona yurtga qaytishi xalq uchun qo‘shaloq shodiyonaga aylandi. Bu voqea davlat o‘z fuqarosini hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymasligini amalda isbotladi.

Olloqulixon davri nafaqat diplomatik yutuqlar, balki ulkan qurilishlar davri sifatida ham yodda qolgan. Mamlakat ichkarisida xavfsizlikni kuchaytirish masalasi dolzarb bo‘lib turardi. 1842 yilda xonning farmoni bilan Xiva shahri atrofida yangi mudofaa devori – “Dishan qal’a” qurilishi boshlandi. Bu loyiha xalqning uyushqoqligi va mehnatsevarligini sinovdan o‘tkazdi. Ogahiyning yozishicha, qurilish ishlariga Muhammad’yaqub mehtar va Otamurod qushbegi boshchilik qilgan.

Eng hayratlanarli jihati shundaki, bunday mahobatli inshoot hashar yo‘li bilan bor-yo‘g‘i o‘ttiz kun ichida tiklangan. Bu xalqimizning birdamligi va bunyodkorlik salohiyati naqadar yuksak ekanini ko‘rsatadi. Yangi devor shahar aholisi va mol-mulkini tashqi xavflardan himoya qiluvchi mustahkam qalqonga aylandi. Ogahiy badiiy tarzda ushbu inshootni o‘z mustahkamligi bilan mashhur Iskandar Zulqarnayn devori (Saddi Iskandariy)ga qiyoslaydi.

Shu bilan birga, ma’naviy hayot ham e’tibordan chetda qolmadi. Xonlik hududida yangi madrasalar qad rostladi. Rahmonberdi biy tomonidan eski bino o‘rnida toshdan tiklangan madrasa ilm ahli uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi. Bu maskanlar faqat diniy bilim emas, balki dunyoviy ilmlar o‘chog‘i vazifasini ham o‘tagan. Xon va a’yonlarning madrasa ochilish marosimlarida shaxsan ishtirok etishi davlatning ma’rifatga bo‘lgan e’tiboridan nishona edi.

Bundan tashqari, aholi sonini ko‘paytirish va xo‘jalik hayotini jonlantirish maqsadida amalga oshirilgan tadbirlar ham diqqatga sazovor. Xususan, Rahimquli to‘ra boshchiligidagi yurishlar natijasida yigirma ming xonadondan iborat kishilarning Xorazmga ko‘chirib kelinishi demografik va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu yangi yerlarni o‘zlashtirish va hunarmandchilikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha kuch degani edi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, garchi Olloqulixon davri bo‘yicha qarashlar ziddiyatli bo‘lsa-da, uning hukmronlik tarixi bizga davlat boshqaruvining ba’zi nozik qirralarini ochadi. Xonning o‘z xalqi taqdiriga befarq bo‘lmagani, fuqarolarini tutqunlikdan qutqarish uchun ko‘rsatgan qat’iyati va yurt himoyasi uchun qisqa muddatda bunyod etgan qo‘rg‘onlari bugungi kun uchun ham ibrat maktabidir. 

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA