Tasviriy san’at obrazlarining ko‘rgazmaliligi rassomga hayotning muayyan hodisasiga o‘z munosabatini yuksak darajada ifodalashga imkon beradi.
Buxoro viloyati Shofirkon tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Tasviriy san’at” ijodiy festivali bo‘lib o‘tdi. Bu “Barkamol avlod” bolalar maktabida 7 yo‘nalishda 120 ta to‘garak faoliyat olib boradi. Maktabga 2690 nafar yosh qamrab olingan.
Tasviriy san’at yo‘nalishida milliy merosimizni tiklash, tabiat go‘zalligini aks ettirish va shu yo‘nalishda iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash maqsadida o‘tkazilgan festivalda “Tasviriy san’at” to‘garagi a’zolari “O‘lkamizda kuz” mavzusida o‘z mahoratini namoyish etdi.
Shuningdek, tumandagi umumta’lim maktablaridan ham iqtidorli o‘quvchilar festivalda ishtirok etdi.
Festivalda tuman hokimi A. Fayzulloyev, viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori M.Jamolova so‘zga chiqib, o‘quvchilarga omad tiladi.
“Barkamol avlod” bolalar maktabida bir necha yillar ishlab, ish faoliyati davomida ko‘plab yutuqlarga erishgan va soha rivoji uchun o‘z hissani qo‘shgan faxriylar ham tadbirga taklif etildi.
Festival davomida tumandagi 11-maktabda faoliyat yuritayotgan to‘garak rahbarlaridan iborat “Parvoz” va “Barkamol avlod” bolalar maktabi filiali to‘garak rahbarlaridan tashkil topgan “Elegant” jamoalari o‘rtasida “Zakovat” turniri ham o‘tkazildi. 11-maktab to‘garak rahbarlaridan iborat “Parvoz” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
[gallery-13971]
– Maktablarda bolani estetik tarbiyalashda tasviriy san’atning o‘rni kattadir, – deydi tadbirda ishtirok etgan Respublika Ma’naviya va ma’rifat markazi tuman bo‘limi rahbari D. G‘afforova. – Bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda mana shunday to‘garaklarning o‘rni beqiyos.
“O‘lkamda kuz” mavzusidagi rasmlar festivali yakuniga ko‘ra, 1-o‘rin 27-maktab o‘quvchisi Shahzoda Nurovaga, 2-o‘rin 38-maktab o‘quvchisi Maftuna Saidova, 3-o‘rin tuman ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Go‘zal Samadovalarga nasib etdi.
Festival so‘nggida barcha ishtirokchilar viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov, (surat),
O‘zA muxbirlari