Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliygohlarga kirish imtihonlari qachon o‘tkaziladi?
13:42 / 2025-06-10

2024/2025 o‘quv yili qabulidan boshlab davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etilgan. Oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari bundan mustasno. Bundan tashqari, davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2025-2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish joriy yil 5 iyundan boshlandi. Qayd etilishicha, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — "avval test, so‘ng tanlov" tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi.

1-bosqichda abituriyentlar har yili 5 iyundan 25 iyunga qadar (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun my.uzbmb.uz (https://my.uzbmb.uz/) saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi hamda fanlar majmuasini, ta’lim tilini va test topshirish hududini tanlaydi.

Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ta’lim tili, test topshirish hududi, alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishi, kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygoh tanlab olinadi.

Oliygohlarga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

2-bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida my.uzbmb.uz (https://my.uzbmb.uz/) sayti orqali  oliy ta’lim muassasasini, bakalavriat ta’lim yo‘nalishini, ta’lim shakli hamda tanlov ustuvorligini tanlaydi.

Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining 2-bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy ta’lim muassasalarida "Qabul-2025" shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, barcha davlat kollej va texnikumlariga “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq qabul qilishda abituriyentlar kollej va texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng belgilangan muddatda tanlashi kerak.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA