Toshkent Xalqaro vestminster universiteti tajribasini keng ommalashtirish maqsadida 150 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi psixologlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar davomida hozirgi vaqtda psixologlarning faoliyatida uchrayotgan muammolar, takliflar tahlil qilindi. So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida asosiy e’tibor talaba-yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun keng imkoniyat yaratishga qaratilmoqda.
Bu borada Toshkent Xalqaro vestminster universiteti katta tajribaga ega. Bu yerda tashkil etilgan talabalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sektori, talabalar uyushmasi, karera, sport va o‘quv-resurs markazlari, tadbirkorlik laboratoriyasi hamda imkoniyati cheklangan talaba-yoshlarga yaratilgan sharoitlar buning misolidir.

Tadbirda qayd etilganidek, oliy ta’lim muassasalarida talabalar uchun tibbiy-psixologik yordam zarur. Shu bois ushbu sohani yanada rivojlantirish davr talabiga aylandi.
Mazkur soha mutaxassislardan muntazam o‘z ustida ishlash hamda doimiy izlanishda bo‘lishni talab etadi. Bundan tashqari, tadbir davomida ta’lim muassasalari psixolog ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish omillari, nogironligi bo‘lgan yoshlarni o‘qishga jalb qilishdagi qiyinchiliklar va uning yechimi hamda oliygohlarda salomatlik markazi, uning o‘quv jarayonida talabalarni qo‘llab-quvvatlashdagi roli kabi mavzularda fikr almashildi. Tegishli xulosalar asosida amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Usmonova, O‘zA