Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida “Oliy ta’lim muassasalarida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha ustuvor vazifalar” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur amaliy tadbirda ikki yuzga yaqin oliygohlardagi soha mutaxassislari qatnashmoqda.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad oliy ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish yuzasidan zarur ilmiy-amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat. Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov ishtirok etib, tizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida o‘z tavsiyalarini berdi.
Jumladan, talabalarning nafaqat o‘qish davrida, balki o‘qishdan keyin ham bandligini ta’minlash va ilmiy faoliyat bilan muntazam shug‘ullanishga qulay sharoit yaratish borasida qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risida fikr bildirildi. O‘quv-seminarining dastlabki kunida mutaxassislar yoshlarning kiberxavfsizlik bilan bog‘lik holatlarga aralashib qolishi, ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlar va turli darajadagi huquqbuzarliklarning sodir etilishining oldini olish borasida so‘z yuritildi.

– Muloqotlar davomida faoliyatimizga oid ko‘plab yangiliklar haqida ma’lumot berilyapti, – deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi talaba va o‘quvchilarning ma’naviy yuksalishiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari Fozilbek Farhodov. – Bu jarayonda ish sifatini oshirish, xizmatchilar faoliyatini belgilangan talab darajasida olib borilishini nazorat qiluvchi KPI tizimi ishga tushiriladi. Yaxshi natija ko‘rsatganlar tegishli tartibda rag‘batlantiriladi. Bundan tashqari, endi oliy ta’lim muassasalarida maxsus “Sharaf kodeksi” tayyorlanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad yoshlarning o‘zlari o‘qigan ta’lim dargohiga bo‘lgan daxldorlik hissini oshirish, kelgusi faoliyatida ham bilim olgan maskani nufuzini ko‘tarishga xizmat qilishi va tengdoshlariga bu borada o‘rnak bo‘lishiga erishishdir.
Uch kunlik seminar dasturidan soha ekspertlarining mavzuga doir ma’ruza va taqdimotlari, davra suhbatlari, “Zakovat” intellektual o‘yini, madaniy tadbirlar ham o‘rin olgan.

A.MUSAEV,O‘zA.