FOTOREPORTAJ
Farg‘ona politexnika institutida “2023/2024 o‘quv yili uchun Farg‘ona politexnika institutining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda faoliyat olib boruvchi jurnalist va blogerlar hamda boshqarmalarning axborot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.
Institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori J. Qambarov 2023/2024 o‘quv yili uchun institutda ochilgan yangi yo‘nalish va kvotalar haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab oliygohda kunduzgi ta’lim yo‘nalishida 48 ta, sirtqi ta’limda 20 ta, magistratura bosqichida esa 30 ta yo‘nalishda tahsil olish imkoniyati mavjud. Shuningdek, o‘tgan o‘quv yilida yurtimizning sanoqli oliygohida mavjud bo‘lgan 15 ta yangi yo‘nalish ochilgan bo‘lib, yangi o‘quv yilida unga qo‘shimcha tarzda yana 4 ta ta’lim yo‘nalishi ochildi. Sirtqi ta’lim shaklida tahsil olishni istagan yoshlarning talab va istaklaridan kelib chiqib, joriy o‘quv yilida talab yuqori bo‘lgan yangi ta’lim yo‘nalishlari ham ochildi.
[gallery-12530]
Yangi o‘quv yili qabulini samarali, shaffof hamda adolatli tashkil etish maqsadida qabul komissiyasi tuzilib, unga institutning salohiyatli xodimlari biriktirildi. Shuningdek, abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga tezkor javob berilishini ta’minlash, murojaatlar bilan muntazam ishlash maqsadida oliygohda “Call-markaz” va “Maslahat markazi” tashkil etilgan.
Anjuman yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA