Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 12 noyabrdagi yig‘ilish qaroriga asosan bugun 16 noyabrdan oliy ta’lim muassasalarida chora-tadbirlar va reja-jadval asosida o‘qish jarayoni an’anaviy tarzda boshlandi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida maxsus chora-tadbirlar rejasi va jadval ishlab chiqilib, shu asosda an’anaviy darslar olib borilmoqda.

–Bakalavriatning kunduzgi va kechki ta’lim yo‘nalishlari 1-kurs talabalari uchun 2020 yil 19 oktyabrdan, bakalavriatning kunduzgi ta’lim yo‘nalishlari yuqori kurs (2-3-4 kurs) talabalariga bugun 16 noyabrdan e’tiboran an’anaviy darslar boshlandi, – deydi institutning o‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i Azamat Abdiyev. – Sirtqi ta’lim yo‘nalishlari, shuningdek, magistratura mutaxassisliklari talabalari o‘qishini onlayn tarzda davom ettirmoqda.

Pandemiya sharoitini hisobga olgan holda an’anaviy darslar 50 daqiqa davomiylikda olib borilmoqda. Shuning bilan birga, talabalar va ularning ota-onalari bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga qarab talabalarni an’anaviy yoki onlayn o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA