Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliygoh talabalari sport va sog‘lomlashtirish tadbirlarida faol ishtirok etmoqda
16:36 / 2025-02-17

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida sport va sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Universitet prorektori Qudrat Omonov bu haqda O‘zA muxbiriga intervyu berdi:

– 2024 yil davomida universitetda 72 ta sport tadbiri tashkil etilgan bo‘lib, ularda 6048 nafar ishtirokchi qatnashdi. Shuningdek, oliygohda “Sharqshunos” nomli sport klubi tuzildi va unga sport ustasi Dilmurod Eshov rahbar etib tayinlandi.

Ushbu tadbirlar doirasida“Talabalar” ligasi va “Besh tashabbus” olimpiadasi doimiy ravishda o‘tkazilib, yugurish, futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka kabi musobaqalar an’anaga aylangan.

Shuningdek, universitetda futbol, voleybol, basketbol, gandbol, stol tennisi, shaxmat, dzyudo va milliy kurash bo‘yicha sport to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.

2025 yilda sport tadbirlarini 81 taga yetkazish va qamrab olingan talabalar ulushini 68 foizga chiqarish rejalashtirilgan. 

Professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasida ham muntazam ravishda sog‘lomlashtirish musobaqalari tashkil etilib, har yili to‘rt marta: oktyabr, dekabr, mart va may oylarida spartakiada musobaqalari o‘tkazib kelinadi.

Joriy yilning 6 fevral kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Universiada-2025” musobaqalarining badminton turi bo‘yicha respublika final bosqichi o‘tkazildi. Unda oliygohimizning tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar institutining 2-kurs talabasi Diana Garamova 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi.

Shuningdek, “Universiada-2025”ning dzyudo sport turi bo‘yicha Toshkent shahar bosqichida 73 kg. vazn toifasida 1-kurs talabasi Davronbek Raimov hamda 90 kg. vazn toifasida 2-kurs talabasi Lazizbek Cho‘liyev 3-o‘rinni egalladi.

Ta’kidlash kerakki, universitetimizda sportga bo‘lgan e’tibor tobora ortib bormoqda.Talabalarni ommaviy sportga jalb qilish maqsadida yangi tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Sport bazalari zamonaviylashtirilib, talabalar uchun moddiy rag‘bat tizimi joriy qilingani bu ishlar ko‘lamini yana kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yil ham universitet rahbariyati talabalar va o‘qituvchilarni jismoniy faollikka jalb etish, ularning salomatligini mustahkamlash hamda sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasida o‘z faoliyatini izchil davom ettirmoqda.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.