Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy toifali o‘qituvchilarga uy-joy boshlang‘ich to‘lovining bir qismi to‘lab beriladi
18:57 / 2026-02-21

O‘zbekistonda uzoq yillik mehnati va yuqori malakasi bilan ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi mexanizm joriy etildi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevralda qabul qilingan 69-sonli qaroriga muvofiq, oliy toifaga ega va kamida 15 yillik pedagogik stajga ega o‘qituvchilarga ipoteka asosida uy-joy xarid qilish uchun davlat subsidiyasi beriladi.

Qarorga ko‘ra, ushbu toifadagi pedagoglar uchun ipoteka kreditining boshlang‘ich badali 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, kreditning dastlabki 5 yili davomida foiz to‘lovlarining bir qismi ham subsidiya qilinadi. Bu esa o‘qituvchilarning moliyaviy yukini sezilarli darajada yengillashtiradi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ushbu imtiyozdan foydalanish uchun talabgor oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega bo‘lishi, kamida 15 yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lishi lozim.

Mexanizm shaffof va tezkor tartibda amalga oshiriladi. Talabgor bank belgilagan o‘z ulushini shakllantirgach, bank 1 ish kuni ichida ipoteka kreditini rasmiylashtiradi. Uy-joy talabgor nomiga rasmiylashtirilib, kadastr hujjatlari bankka taqdim etiladi.

Subsidiya ajratish jarayoni raqamli platforma orqali amalga oshiriladi. Bank 1 ish kuni ichida “subsidyplatform.mf.uz” orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligiga to‘lov bo‘yicha buyurtma yuboradi.

Mazkur dasturni moliyalashtirish uchun har yili davlat byudjetidan 200 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Imtiyozdan foydalanuvchi o‘qituvchilar ro‘yxatini esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi shakllantiradi.

Yangi tartib tajribali va yuqori malakali pedagoglarni moddiy rag‘batlantirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ta’lim sohasida uzluksizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA