Yangi davrda Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatini yurtimiz akademiklari, yetakchi olimlari, umuman, ilm ahli bilan uchrashuvdan boshlagani respublikamizda ilm-fan rivojining o‘rni va ahamiyati beqiyosligidan darak berardi.
O‘tgan qisqa davrda yoshlarni bilimli va malakali, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar qilib tayyorlash maqsadida ta’lim tizimi izchil rivojlantirildi. Oliy ta’lim sohasidagi dastlabki islohotlar, avvalo, qamrovni oshirish, institut va universitetlarning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Natijada hozirga kelib oliy ta’lim muassasalari soni 65 tadan 211 taga, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi esa 43 foizga yetkazildi. 2023/2024 o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalarini jami 197 ming 319 nafar, shundan bakalavriatni 192 ming 376 nafar, magistraturani 4 ming 943 nafar talaba tamomladi.
Ta’lim sifatini yaxshilash, o‘quv ishlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil etish, mehnat bozori talablaridan kelib chiqib o‘quv jarayonini bozor talablariga moslashtirish, ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta’minlash, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish maqsadida 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasasiga moliyaviy mustaqillik berildi.

Davlat ta’lim standartlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, barcha oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini kredit-modul tizimiga o‘tkazish, o‘qitilayotgan fanlarni mazmunan qayta ko‘rib chiqib, ortiqcha takrorlanishlarni qisqartirish bo‘yicha amaliy ishlar qilinib, talabalarga mustaqil ilmiy izlanish uchun imkoniyat yaratildi. Natijada hozirga kelib TOP-300 oliygohlar ta’lim dasturlari asosida oliy ta’lim yo‘nalishlari 40 foizgacha maqbullashtirildi va buning natijasida 306 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 183 taga, 645 ta magistratura mutaxassisliklari 546 taga qisqartirildi.
Mamlakatimizda milliy ta’lim tizimining xalqaro darajada tan olinishini ta’minlash, xalqaro standartlar asosida o‘quv jarayonini tashkil etish, milliy kadrlar tizimining xalqaro migratsion jarayonlarda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi, xalqaro reyting indikatorlari asosida oliy ta’lim muassasalari dunyoning nufuzli universitetlari qatorida e’tirof etilishini ta’minlash muammolari ta’lim tizimini tubdan isloh qilishni, oliy ta’lim muassasalarining akademik nufuzini oshirishni hamda milliy ta’lim tizimining xalqaro tan olingan kredit-modul tizimiga integratsiyalash masalalarini hal qilishni taqozo etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da oliy ta’lim jarayonlariga raqamli texnologiyalar va zamonaviy o‘qitish usullarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, korrupsiyaga qarshi kurashish, kredit-modul tizimini joriy qilish, o‘quv-rejalarda amaliy ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan mutaxassislik fanlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
O‘quv jarayoniga kredit-modul tizimi hamda raqamlashtirishning tatbiq etilishi ta’lim jarayonlarini boshqarishning optimal variantlarini amaliyotga joriy etish zaruratini keltirib chiqardi. HEMIS platformasi faoliyatining samarali yo‘lga qo‘yilishi administrativ faoliyatda yangi boshqaruv mexanizmlarining o‘quv jarayoniga tatbiq etilishiga olib keldi.
Talabalarni o‘qishga qabul qilish, kursdan kursga o‘tkazish, o‘qishni ko‘chirish, akademik ta’til berish, o‘qishdan chetlatish kabi ishlarni yuritish, professor-o‘qituvchilarning o‘quv dars jadvallarini shakllantirish, dars o‘tish va davomat jurnallarini yuritish, barcha nazorat turlarini baholash bevosita elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Bitiruvchi kurs talabalarining diplomlari va o‘qishini ko‘chirib ketayotgan talabalarning transkriptlari ham HEMIS tizimida shakllantirilmoqda.
Oliygohlarda talabalarga xizmat ko‘rsatish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini yanada samarali boshqarish va talabalarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli qaroriga asosan, oliy ta’lim tizimida 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab “Registrator ofisi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Registrator ofisi” tomonidan hozirda 40 dan ortiq me’yoriy hujjatlar elektron ko‘rinishida yuritilishi yo‘lga qo‘yildi, elektron xizmatlar soddalashtirildi. Natijada o‘quv jarayonini samarali boshqarish, ma’lumotlar aniqligi va o‘z vaqtida talabalar haqidagi kerakli ma’lumotlarni olish imkoniyati vujudga keldi.
Kredit-modul tizimiga o‘tish orqali professor-o‘qituvchilar umumiy yuklamalarining kreditlarda belgilanishi, o‘quv yuklama hajmining kamayishi va ko‘proq yuklama mustaqil ta’lim soatlariga ham berilishi ta’lim sifatiga hamda o‘qituvchining o‘z ustida, talaba bilan ham auditoriyadan tashqari ishlashiga imkoniyat berdi. Bugungi kunda mazkur talablardan kelib chiqqan holda professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamalarini optimallashtirish orqali ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024/2025 o‘quv yilida ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari o‘quv rejalariga muvofiq oliygohlar tomonidan 2024/2025 o‘quv yilida o‘quv mashg‘ulotlarini olib boradigan professor-o‘qituvchilar yillik o‘quv yuklamalari hajmi 10 foizga kamaytirilgan holda hisoblandi.
So‘nggi yillarda Vatanimiz kelajagi uchun eng muhim sarmoya ta’limga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlardir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tgan yillar davomida soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori markazida bo‘lib kelmoqda. Mazkur islohotlar yangi O‘zbekistonning nufuzi va mavqeini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Dilnoza Xo‘jayeva,
Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori
O‘zA