Rim shahrida joylashgan Roma Tre universitetida O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forumda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori B.Jollibekov va universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori T.Nurimbetov ishtirok etib, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni kengaytirish masalalarida o‘zlarining taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.

Forum O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, akademik almashinuvni kengaytirish va ilmiy-innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Tadbir doirasida ikki mamlakat yetakchi universitetlari rahbarlari ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish, startap va innovatsiya markazlari faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, Yevropa ta’lim makoni bilan integratsiyani chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, forumda rektorlar o‘rtasida o‘zaro muloqotlar tashkil etilib, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Shu tariqa, Rim shahrida o‘tkazilgan Ikkinchi forum ikki mamlakat oliy ta’lim tizimi o‘rtasidagi ishonchli hamkorlikni yanada mustahkamlab, o‘zaro tajriba almashish va ilg‘or yondashuvlarni joriy etish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri