Toshkent shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Bayramgul Orazdurdiyeva va O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar uchun manfaatli bo‘lgan sohalarda kadrlar tayyorlash, tajriba almashish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot loyihalariga alohida e’tibor qaratildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur muloqot davomida o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qisqa muddatli stajirovkalar, "Erasmus+" dasturlari doirasida qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ikki diplomli ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, "WorldSkills – 2026" tadbirini O‘zbekistonda Turkmaniston bilan hamkorlikda o‘tkazish kabi masalalar muhokama etildi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi, sug‘orish texnologiyalari, cho‘l hududlarini melioratsiyalash, yashil energetika, suv resurslarini boshqarish, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt kabi sohalarda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, akademik mobillikni kengaytirish va texnoparklar hamkorligini kuchaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Bayramgul Orazdurdiyeva mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stona munosabatlar izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, soha bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida qo‘shma ishchi guruh tashkil etish va 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga kelishib olindi.
N.Usmonova,
O‘zA