Jamiyat taraqqiyotining asosi ta’lim tizimining rivoji bilan baholanadi. Qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda ta’lim tizimini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berish yo‘nalishida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Zero, ta’lim rivojisiz taraqqiyotga erishishning imkoniyati yo‘q.
Bugungi kunda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari sonining ortib bormoqda. Bu jarayonda xususiy oliy ta’lim muassasalari ulushining yuqorilayotgani, bitiruvchilarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 39 foizga oshgani e’tiborga molik. Agar bu ko‘rsatkich raqamlarda tahlil qilinsa, bakalavr bosqichiga qabul 2016 yilda 58 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 223 ming nafarga yoki 3,8 martaga ko‘paygan. Magistraturaga qabul ko‘rsatkichining 5 mingdan 16 ming nafarga yetgani yoki 3,2 martaga ko‘paygan. Bu kabi tahlilni, o‘sishni ta’limning barcha tizimlari uchun, xususan, maktabgacha va maktab ta’limidagi o‘zgarishlar misolida ham keltirish mumkin.
Yangilangan Konstitutsiyaning ta’lim tizimida inqilobiy o‘zgarishlarga asos bo‘luvchi 51-moddasi, ya’ni “Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli. Oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega” deyilgan moddasi to‘g‘risida to‘xtalsak.
Umuman olganda, o‘zgarishlarning amalda ijro etilishi uchun o‘tgan vaqt davomida qanday ishlar qilindi? Kelajakda nimalar qilinishi kerak? Tizim oldida qanday vazifalar bor? Shular xususida mulohaza qilamiz.
So‘nggi yillarda ta’lim sohasi rivojiga qaratilgan ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilindi. Albatta, bu hujjatlar tizimda mavjud bo‘lgan ko‘plab muammolarning yechimiga xizmat qilishi bilan birga, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirishga ham sabab bo‘lmoqda.
Xususan, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasining qabul qilinishi tom ma’noda oliy ta’lim muassasalarining 2030 yilga qadar barcha yo‘nalishlarda ta’lim sifatini hamda ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida tub islohotlarni olib borishga imkon bermoqda.
2021 yil 24 dekabrda qabul qilingan “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari so‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar ifodasining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Mazkur me’yoriy hujjatlar bejiz keltirilmadi. Aynan mazkur qarorlar va ularning qaror osti hujjatlari Konstitutsiyada oliy ta’lim tashkilotlarining qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega ekanligini namoyon etish va mazkur moddaning amalda ijro etish mexanizmi uchun poydevor vazifasini o‘taydi.
Davr talabi...
Globallashuv sharoitida har bir oliy ta’lim muassasasi o‘z xususiyatidan va ichki imkoniyatidan kelib chiqib, ta’lim sifatini oshirish mezoni asosida ustuvor yo‘nalishlarini belgilashi va pirovardida iqtisodiyot tarmoqlari uchun raqobatbardosh, malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Eskicha yondashuv asosida faoliyat olib borish, jarayonlarni markazlashtirilgan ma’muriy-buyruqbozlik asosida tashkil etish bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan davrning talablariga mos emasligini hayotning o‘zi ko‘rsatdi.
Xo‘sh, bugungi oliy ta’lim muassasalarida mazkur vazifalarni bajarish uchun yetarli sharoitlar mavjudmi? Akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi bo‘yicha ko‘nikmalar qanday shakllanmoqda?
“Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingan bo‘lsa-da, nega bu masala Konstitutsiyaga ham kiritildi? Uning mohiyati nimadan iborat? U oliy ta’lim tashkilotlari rivojiga qanday hissa qo‘shadi?
Bu borada boy tajribaga ega bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning ilg‘or tajribalarini o‘rganish asosida bir narsani alohida ta’kidlash kerakki, akademik mustaqillik, bu — avvalo ta’lim tizimidagi ishlarning rivojiga to‘siq bo‘layotgan byurokratik amaliyotdan voz kechishga va jarayonning muvofiqlashtirilishiga olib kelib, avvalo, oliy ta’lim muassasasi xususiyatidan kelib chiqib, bozor talablari asosida kadrlar tayyorlashda o‘quv jarayoni uchun me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish, ta’lim olish shaklini belgilash, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun ta’lim davomiyligi muddatlarini belgilash, magistratura bosqichida ta’limning sirtqi, masofaviy va kechki shakllarini joriy etishga, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘shmalaka, shu jumladan, amaliy malaka berish tizimini joriy qilish, o‘zaro kelishuvlar asosida oliy ta’lim muassasalari bilan akademik mobillikni amalga oshirishga, oliy ta’lim muassasasi va uning tuzilmasidagi ta’lim muassasalari uchun o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni nashr etishga imkon beradi.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish, ularning natijadorligini oshirish va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirib, kadrlar tayyorlash sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bugungi kunda respublikada qirqdan ortiq oliy ta’lim muassasasiga akademik erkinlik berilgan bo‘lib, ularning o‘tgan qisqa davr mobaynidagi faoliyatlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, berilayotgan erkinliklar oliy ta’lim muassasasining faqat va faqat rivoji uchun xizmat qilgan. Buni nafaqat respublika miqyosidagi natijalarda, balki xalqaro e’tirof ko‘rsatkichlari misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, so‘nggi yillarda ko‘plab mahalliy oliy ta’lim muassasalarining nufuzli xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan e’tirofi olib borilayotgan islohotlarning samarasidir.
Zero, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro e’tirof etilgan reytinglarda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi ularning jozibadorligini namoyon etuvchi asosiy ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, bu mazkur oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan xorijiy talabalar, ilmiy tadqiqotchilar va hamkorlar salmog‘ining oshishiga xizmat qiladi.
Raqamlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2022 yil natijalariga ko‘ra, QS xalqaro reyting agentligining Osiyo reytingida ilk bor respublikamizning 8 ta oliy ta’lim muassasasi kuchli 1000 talikdan o‘rin oldi. Mazkur oliy ta’lim muassasalari orasida Toshkent davlat texnika universitetining e’tirof etilishi va uning Markaziy Osiyo reytingida 29-o‘rinda ekanligi universitet jamoasi uchun ham sharafli, ham mas’uliyatlidir.
Reyting indikatorlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, oliy ta’lim muassasasining akademik va ish beruvchilar o‘rtasidagi nufuzi, ilmiy sohada xalqaro hamkorlik, ilmiy darajaga ega o‘qituvchilar soni, xorijiy professor-o‘qituvchilar va talabalar ulushi singari mezonlar asosida baholanadi.
Mazkur mezonlarning bajarilishi va xalqaro e’tirof etilishi aytish mumkinki, oliy ta’lim muassasasi o‘quv jarayoni, ilmiy-tadqiqot faoliyati, ish beruvchilar bilan aloqalar, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida samarali faoliyat olib borayotganini ifodalaydi. Bu esa oliy ta’lim muassasalariga berilgan erkinliklarning mevasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qanday muammolar bor?
Oliy ta’lim muassasalariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi berilishining zamirida yetuk va malakali kadrlar tayyorlash o‘rin olgan. Xo‘sh, bu borada qanday muammolar bor? Kadrlarning asosiy iste’molchisi bo‘lgan buyurtmachilarning faolligi va xayrixohligi qay darajada?
Sir emaski, bugun ilm-fan, texnika va texnologiyalarning o‘sish sur’atlari yuqori darajada. Ammo barcha sohada ham nazariy bilimlar amaliy bilimlar bilan hamohang emas. Soddaroq qilib aytganda, ba’zi hollarda talabalarning nazariy bilimlari ishlab chiqarish korxonalaridagi ilg‘or texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmasiga yetarli emasligi nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unligi ta’minlanmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini tarmoq korxonalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri biriktirish, o‘quv jarayonidan boshlab amaliyot, dala mashg‘uloti, bitirgunga qadar barcha bosqichlarning aynan tarmoq korxonasi ko‘rsatmasi va tavsiyalari asosida tashkil etilishi raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosidir.
Albatta, bu borada bizda o‘quv jarayoniga oid me’yoriy hujjatlarni shakllantirishda, malakaviy amaliyotlarni tashkil etishda, kafedra filiallari faoliyatini yo‘lga qo‘yishda tarmoq korxonasi bazasidan foydalanilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning amaliy ahamiyatini doim ham yuqori baholab bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, shu yo‘nalishdagi ishlar ta’sirchanligini oshirish, tarmoq korxonasi mas’uliyatini hamda javobgarligini oshirishga qaratilgan hukumat darajasidagi me’yoriy hujjat qabul qilish zaruratga aylanmoqda.
Kelajagiga befarq bo‘lmagan, malakali kadrlar tayyorlash tizimga alohida e’tibor qaratayotgan korxonalar ham mavjud. Birgina Toshkent davlat texnika universiteting elektroenergetika fakultetida so‘nggi yillarda energetika vazirligi tasarrufidagi tarmoq korxonalari va soha mutaxassislariga talabgor bo‘lgan korxonalar tomonidan zamonaviy laboratoriya xonalari, o‘quv markazlari, o‘quv poligonlari, maxsus tarmoq korxonasi xonalarining foydalanishga topshirilgani mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning amaliy ifodasidir.
Oliy ta’lim tizimi bilan bog‘liq masalalarning Konstitutsiya darajasida belgilanganligi oliy ta’lim jarayoniga tashqi aralashuvlarni cheklash, oliy ta’lim sifati va dunyoda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Ikromjon RAHMONOV,
Toshkent davlat texnika universiteti
kafedra mudiri, texnika fanlari doktori